14:46 / 10.10.2022
11667

Aholi va biznes vakillari nimalarning narxi oshishi mumkin deb hisoblamoqda? – MB inflyatsion kutilmalar sharhini e’lon qildi

Sentabr oyidagi so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining inflyatsion kutilmalari 15,2, tadbirkorlarniki esa 13,8 foizni tashkil qilgan.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank sentabr oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlari inflyatsion kutilmalari sharhini e’lon qildi.

Aholining kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha inflyatsion kutilmalari pasayuvchi dinamikani saqlab qolib, 15,2 foiz atrofida shakllangan.

Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • import tovarlari va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi ko‘tarilishi (42 foiz);
  • valuta kursi qadrsizlanishi (42 foiz); 
  • narxlarning sun’iy oshirilishi (31 foiz). 

Bundan tashqari, turar joy hamda ijara to‘lovlari oshishini ko‘rsatgan aholi vakillari ulushi o‘tgan oyga nisbatan yuqorilagan (15 foizdan 18 foizgacha).

Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari

Sentabr oyi yakunlari bo‘yicha biznes vakillarining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 0,3 foiz bandga yoki 13,8 foizgacha pasaygan.

Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • valuta kursi o‘zgarishi (39 foiz);
  • yoqilg‘i mahsulotlari va transport xizmatlari narxlari qimmatlashishi (35 foiz);
  • ish haqi va nafaqalar oshishi (23 foiz).

Shuningdek, xorijdan xomashyo yetkazib berishda uzilishlar bo‘lishi hamda import qilishdagi tarif va notarif cheklovlar mavjudligi ham narxlar qimmatlashishiga sabab bo‘lishi mumkinligi keltirib o‘tilgan.

Top