Jamiyat | 17:33 / 15.10.2022
24680
4 daqiqa o‘qiladi

Uy, ish, ro‘zg‘or tashvishlari. Qishloq ayolining bir kuni

Qishloq ayolining ish vaqti taxminan 14 soat: 5:00dan 19:00gacha. Bu muddat qish kunlari biroz qisqarishi mumkin. Ammo shunda ham 12 soatdan kam emas. Erta tongdan hovlini supurish bilan boshlangan kundalik yumushlar kechki ovqatdan so‘ng idish-tovoqlarni yuvish bilan yakun topadi. Kun.uz muxbiri Navoiy viloyati Nurota tumanining Chuya qishlog‘ida bo‘lib, qishloq ayolining bir kuni haqida reportaj tayyorladi.

Obida muallim. Chuya qishlog‘i aholisi Obida Qarshiyevani shunday ataydi. Chunki u qariyb 40 yildan buyon maktabda yoshlarga ta’lim berib kelmoqda. 5 nafar farzandni o‘qimishli qilib tarbiyalagan bu ayol shaharda yashashni orzu qiladi, ammo qishloqda hayot kechirayotganidan ham afsuslanmaydi.

Chuya qishlog‘i Nurota tumani markazidan biroz olisda, tog‘lar etagida joylashgan. Qishloq aholisi asosan chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Moli yoki tomorqasi, kichik bo‘lsa ham bog‘i bo‘lmagan xonadonning o‘zi yo‘q.

Shu sababli qishloq ayollarining ishlari talaygina: tomorqa, mol-holga qarash, uy-ro‘zg‘or yumushlari. Obida opaning kundalik hayot tarzi ham shunday o‘tadi. Davlat ishidan ham uydagi yumushlari ko‘proq: tong qorong‘isidan maktabga ketgunicha va maktabdan qaytgach qosh qorayguncha tinim bilmaydi.

Obida Qarshiyevaning ta’kidlashicha, qish uchun o‘tin zaxirasi yetarli bo‘lsa, u o‘zini baxtli his qiladi:

Hayotimdan nolimayman. Farzandlarimni mana shu qishloqda yashab, o‘qitdim, uyli-joyli qildim. Shunday baxtga shu qishlog‘imda erishdim. Shaharda qo‘limni sovuq suvga urmasdan, ishga toza-ozoda borib kelib yashashni men ham orzu qilaman. Lekin qishlog‘imdagi bu hayotni ham yaxshi ko‘raman. Shahar ayollarining hayot tarzi biznikiga qaraganda ancha yengil, deb o‘ylayman. Mening hayotim qiyinroq bo‘lgani bilan yashash tarzim yaxshiroq: o‘zim yetishtirgan toza mahsulotlarni iste’mol qilaman, pomidor o‘zimizdan chiqadi, meva-cheva tekin. Shahar ayoli bilan qishloq ayolining farqi juda katta. Qishloq ayollari mehnatkash, qo‘li qadoq, ishlarimiz juda ko‘p. Hozir soat 5:00da, yoz kunlari esa undan ham vaqtliroq turaman va har kungi yumushlarim bilan band bo‘laman.

Shaharda yashashni kim orzu qilmaydi deysiz? Yaxshi-da, yengilroq hayot. Menga o‘xshab tappi qilmaydi, qiy elamaydi. Mening tappi-tezaklarimga qarang, tom to‘la. Men shularim ko‘paysa, qishga zaxira bor deb baxtli his qilaman o‘zimni. Menga gaz bo‘lishi shart emas. Mana, o‘chog‘im bor, hamma ovqatlarni pishirishim mumkin. Mehmon kelsa xam shoshib qolmayman.

Qishloqning yaxshi joyi – hamma qo‘ni-qo‘shnilarni ko‘rib turasiz. Qozonimizda nima qaynashidan qat’i nazar bir-birimizga ko‘maklashamiz. Mana, men to‘y qilaman deyapman. Qo‘shnilarim hozirdan nima xizmatingiz bor, deb shay bo‘lib turishibdi. Qishloqda mehr-oqibat kuchli”.

Chuya qishlog‘ini oralasangiz, biror uy oldida bekor o‘tirgan ayolni uchratish mushkul: hamma o‘z ishi bilan ovora, kimdir og‘ilxonasida, kimdir tomorqasida. Ular Quyoshni uyg‘otgan qahramon onalardir.

Davlat statistika qo‘mitasining 2022 yil 31 maydagi demografik ma’lumotlariga ko‘ra, Navoiy viloyatida 528,4 ming kishi qishloqda yashaydi. Bu raqamning qariyb yarmini ayollar tashkil qiladi. Viloyatda qishloqda yashovchi aholi soni so‘nggi 10 yilda 76 ming nafarga ko‘paygan. 

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri

Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid