Voqea joyidan videolar e’lon qilgan guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, qamoqxona kompleksida qanchadir vaqt otishma va sirena ovozlari eshitilgan.

Eron muxolifatchi guruhlaridan birida joylashtirilgan videoda «Diktatorga o‘lim» hayqirig‘i yangraydi - bu Eronni qamrab olgan namoyishlar shiorlaridan biri hisoblanadi.

Davlat nashrlari qamoqxonada vaziyat nazorat ostida ekani, yong‘in uchun «kriminal elementlar» javobgar ekanini ma’lum qilgan.

Qamoqxonaga olib boruvchi yo‘l to‘sib qo‘yilgan, ichkariga esa, guvohlarning aytishicha, politsiyaning maxsus batalonlari kiritilgan. Shuningdek, voqea joyida o‘t o‘chiruvchilar ishlamoqda.

Davlat agentliklari talqiniga ko‘ra, yong‘in mahbuslardan biri o‘t qo‘yishi oqibatida kelib chiqqan. Bu ma’lumotni tasdiqlaydigan boshqa mustaqil manba yo‘q.

Shuningdek IRNA davlat axborot agentligi hisoblariga ko‘ra, qamoqxonadagi «banditlar» saqlangan qanotda boshlangan tartibsizliklar bostirilgan (hozircha sakkiz jabrlanuvchi haqida ma’lum). Bunda «banditlar» deb siyosiy mahbuslar nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin, Evin qamoqxonasida aynan shunday mahbuslar saqlanadi, ular so‘nggi namoyishlarga aloqador emas.

Tasnim axborot agentligi esa shaxsi sir tutilishini so‘ragan eronlik amaldorga tayanib, tartibsizliklarda siyosiy mahbuslar ishtirok etmagani haqida xabar bergan.

Reuters bilan suhbatlashgan guvohlardan biriga ko‘ra, qamoqxona atrofida mahbuslarning qarindoshlari to‘plangan.

Evinda muxolifatchilardan tashqari eronlik jurnalistlar va Eronda ozodlikdan mahrum etilgan xorijliklar, shuningdek ikki fuqarolikka ega shaxslar ham muddat o‘taydi.

G‘arb huquq tashkilotlari azaldan Evin qamoqxonasidagi qat’iy rejimni tanqid qilib keladi. Human Righs Watch tashkilotidagilar Evindagi mahbuslar qiynoqqa solinishi, ularga zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilmasligi va undaylar butun umr qamoqda qolish xavfi mavjudligi haqida yozadi.

O‘tgan yil avgustida Edalat-e Ali (Alining adolati) nomli hakerlar guruhi internetga qamoqxona ichkarisidagi kuzatuv kamerasiga tushgan videoyozuvlarni e’lon qilgandi - ularda nozirlar mahbuslarni kamsitayotgani va qiynayotgani aks etgan.