O‘zbekiston | 16:00 / 16.10.2022
25698
8 daqiqa o‘qiladi

Sehrli tramvaylar mehr istaydi: nega bu jamoat transporti shaharlar uchun eng zo‘ri?

Bugun hikoya qilmoqchi bo‘lganimiz tramvay bir paytlar poytaxtimiz Toshkentda yo‘lovchilarning uzog‘ini yaqin qilgan muhim jamoat transporti edi. Uzoqni o‘ylamasdan tashlangan qadamlar ortidan poytaxt tramvaylaridan ayrildi. Uni qayta tiklash borasida, afsuski, faol harakatlar kuzatilmayapti.

Foto: LiveJournal

Samarqand shahriga ko‘chirilgan tramvay esa shaharning muhim transport tarmog‘iga aylanib bormoqda. 2030 yilgacha Samarqandda yana ikkita muhim tramvay yo‘nalishi ishga tushirilishi mo‘ljallangan.

Twitter’da madaniy ma’lumotlar ulashuvchi The Cultural Tutor akkaunti tramvaylar haqida qiziqarli ma’lumotlar ketma-ketligini e’lon qildi. Unda Zamonaviy shahar uchun tramvay jamoat transporti sifatida nega muhimligi misollar bilan tushuntirilgan.

Foto: Getty Images

Tramvay nima o‘zi?

Ha, u poyezd ham emas, avtobus ham. Sizga tramvayda odam tashuvchi har ikki transportning muammolari jamlangandek, unda avtobus yo poyezdning ustunliklaridan hech narsa yo‘qdek tuyulishi mumkin.

Biroq aslida, tramvay har ikki transport olamining eng yaxshi omixtasi: shahar jamoat transportining ideal turidir.

Ham yer ustida, ham yer ostida harakatlanuvchi poyezdlar (metro) va avtobuslar, albatta, o‘z o‘rniga ega.

Poyezdlar uzoq masofalarga qatnash uchun juda qulay, lekin ayrim o‘rinlarda avtobus yo‘nalishlariga xos egiluvchanlik ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Biroq tramvaylar shaharlar va shahar markazlarida qisqa masofalarga qatnash uchun juda qulay.

Qarang, tramvaylar avtomobillarga qaraganda samaraliroq bo‘libgina qolmasdan, avtobus va boshqa «arzonroq» jamoat transportiga nisbatan ko‘proq yo‘lovchilarni tashiy oladi.

Ko‘chalarda transport vositalari soni qisqartirilishi katta afzalliklarga ega.

Albatta, bu eng avvalo atrof-muhit uchun foydali — toza havo ko‘payadi. Qolaversa, bu shahar muhiti uchun ham muhim ahamiyatga ega, chunki atrofda mashinalar kamaysa, piyodalar, velosipedchilar, bog‘lar, qahvaxonalar yana boshqa narsalar uchun ko‘proq joy qoladi.

Bundan tashqari, avtomobillarga ehtiyoj pasaytirilishi sizga shaharlarni rejalashtirish va loyihalash imkonini beradi. Bu holda avtomobillarga ustuvorlik berib, mashinalar uchun keng ko‘chalar, katta-katta parkovkalar va hokazolar yaratish ehtiyoji o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.

Tramvaylar esa har qanday arzon jamoatchilik transportidan ko‘ra avtomobillarni yo‘llardan yaxshiroq siqib chiqaradi.

Shuningdek, energetika, ekologiya va atrof-muhit bilan bog‘liq dalillar ham bor.

Tramvaylardan avtobuslarga nisbatan uzoqroq muddat foydalanish mumkin, shu sababli ular kamroq almashtiriladi. Temir izlarda yurar ekan, ular energiyani samaraliroq sarflaydi, chunki elektr energiyasi bilan yuradi va ko‘proq yo‘lovchi tashiydi.

Tramvaylarning yana bir foydali (va juda muhim) sifati — ularni vaziyat va ehtiyojga qarab uzaytirish va qisqartirish mumkin.

Ya’ni muayyan yo‘nalish nechog‘lik talabgirligiga qarab, tramvaylarga vagon qo‘shsa yoki ayirsa bo‘ladi. Shu usul bilan yo‘nalishda doimo kerakli miqdorda yo‘lovchi o‘rni ta’minlanadi.

Foto: taxidnbrabander.nl

Tramvaylarni shahar transport tarmog‘iga ko‘prok innovatsion tarzda integratsiya qilish mumkin.

Ular uchun (avtobuslar uchun ham, aslida) ajratilgan yo‘laklar qurish mumkin. Ulardan poyezdlar singari boshqa transport vositalari bora olmaydigan yo‘nalishlarda foydalanish mumkin. Shuningdek, svetoforlarni dasturlashtirib, ularga harakatlanish ustunligini ham berish mumkin.

Xullas, yo‘lovchi oqimining katta qismini o‘ziga olib, o‘zgartirsa bo‘ladigan sig‘im, qotirilgan relslar va yo‘nalishlar, katta tezlik va tirbandliklarni oson yengib o‘tish qobiliyatlari bilan tramvaylar pirovard natijada avtobuslarga nisbatan ishonchliroq ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Tramvay har qanday faslda qiynalmay harakatlana olishini ham unutmaylik!

Foto: hiveminer.com

Avtobusdan farqli o‘laroq, tramvaylar piyodalar zonalari bilan birlashtirilishi ham mumkin. Chunki avtobuslardan foydalanish uchun yo‘l qurish kerak, relslar yotqizilishi kerak emas. Bu yo‘ldan boshqa transport vositalari ham bemalol foydalana olishadi.

Foto: airbnb.ca

Odamlarga ham avtobuslardan ko‘ra tramvaylar ko‘proq yoqadi. Nega bunaqaligini tushuntirish qiyin. Ehtimol, ular ancha sokin, shovqinsiz va bir maromda yurgani uchun bo‘lsa kerak. Balkim, odamlarga doimiylik va barqarorlik yoqar. Nimagadir tramvay zamonaviy katta shaharlarning ajralmas bir qismi sifatida tushuniladi.

Foto: shutterstock.com

Aniq yo‘llari va uzoqdan ko‘zga tashlanishi bilan tramvaylar va ularning yo‘nalishlari yo‘lovchilar tomonidan osongina tushuniladi. Ularning xaritasi ham mazmundorroq. Shahar mehmonlari va turistlar uchun ayniqsa bu foydali.

Bundan tashqari tramvaylarning estetik qiymati ham borki, ular biz o‘ylaganimizdan ham muhimroq. Estetik tomonlarini sanab o‘tishdan osoni yo‘qdek, lekin nimaga shahar jamoat transporti samarali va estetik bo‘lmasligi kerak?

Foto: travelandleisure.com

Chindan ham, agar jamoat transporti qulay, samarali, arzon va estetik jihatdan jozibador bo‘lsa, bu faqat undan ko‘proq insonlar foydalanishiga rag‘bat uyg‘otadi. Bu o‘rinda tramvayning avtobuslarga nisbatan atrof-muhitga estetik ta’sirini gapirmasa ham bo‘ladi.

Ko‘chalar bo‘ylab yuqoriga va quyiga shovqinli dvigatellari va zaharli gazlari bilan harakatlanayotgan avtomobillarga nisbatan yonimizdan shovqinsiz o‘tib ketadigan tramvaylar asabni kamroq kemiradi.

Foto: shutterstock.com

Bunday «qarg‘ish»dan bir paytlar travmaylarga tashlanish uchun foydalanishgan; 1950–60-yillarda tramvaylarni eskilik sarqiti deb atashgan va ularni zamonaviy avtobuslar va avtomobillar bilan almashtira boshlashgan.

Foto: buzzfeed.com

Qachonlardir tramvay jamoat transportlaridan biri bo‘lgan, uzoq uyqudan so‘ng (dunyoning ayrim davlatlarida ommabopligicha qolavergan), ular yana hayotga qaytmoqda. Masalan, Fransiyada.

Yoki yengil relsli deb atalayotgan transport paydo bo‘lganini olaylik. Undan ko‘proq tramvayni eskilik sarqiti deb ko‘rsatishda foydalanishmoqda, chunki go‘yoki tramvay qadimdan mavjud va yetarli tarzda zamonaviy emasdek.

Lekin yengil relsli transportning o‘zi ko‘proq poyezd bilan umumiy jihatlarga ega. Uni tezkor tramvay deb atash to‘g‘riroq bo‘lsa kerak.

Foto: politico.com

Shuningdek, o‘zida avtobuslarning chaqqonligi hamda tramvaylarning samaradorligi va uzayuvchanligini jamlagan «relssiz tramvaylar» ham paydo bo‘lyapti. Garchi ularning ko‘rinishi biroz g‘alati bo‘lsa ham.

Foto: alamy.com

Tramvaylarni joriy etish bilan bog‘liq eng katta muammo shundan iboratki, ular shahar transport tizimiga intergatsiyalash uchun ko‘p vaqt va e’tibor talab qiladi. Shunchaki boshqa yo‘nalishlarga burib yuborish oson bo‘lgan avtobuslardan farqli o‘laroq, tramvay yo‘llarini ko‘chirish oson ish emas. Tramvay yo‘llarini yotqizish ham, albatta, ko‘p vaqt, kuch va mablag‘ talab etadi.

Lekin yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, barqarorlik tramvaylarni samarador, qulay, estetik jihatdan yoqimli va jozibador qiluvchi asosiy tarkibiy qism hisoblanadi.

Nimagadir qarshi dalil to‘plashda puxta rejalashtirish zaruriyati borligini pesh qilish adolatsizlik. Tramvayga sarflanadigan katta kuch va mablag‘ aslida investitsiyadir.

Yuqoridagi bitiklar tramvaylarga berilgan juda qisqacha baho edi. Ha, ularning o‘ziga yarasha sehri bor. Lekin bu «sehr-jodu» ortida real samaradorlik va foyda ham yotadi. Albatta, barcha avtobuslar yo‘q qilinib, o‘rniga tramvaylar joylashtirilsin demoqchi emasmiz. Lekin tramvay tarmog‘i ko‘plab shaharlar uchun zaruriyat ekani aniq.

Mavzuga oid