O‘zbekiston | 08:02 / 17.10.2022
6584
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlarga meva-sabzavot eksporti bo‘yicha yengillik beriladi

Prezidentning “Yakka tartibdagi tadbirkorlarga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirishda mulkiy huquqlar daxlsizligini ta’minlash va shu munosabat bilan prezident va hukumat ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

2022 yil 1 noyabrdan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlariga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini oldindan to‘lov, ochilgan akkreditiv, rasmiylashtirilgan bank kafolati va eksport kontraktini siyosiy va tijorat tavakkalchiliklaridan sug‘urta qilish bo‘yicha polis mavjud bo‘lmasdan xorijiy valutaga eksport qilish huquqi beriladi.

Prezident va hukumat ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritiladi.

Savdo-sanoat palatasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi negizidagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda meva-sabzavot mahsulotlari eksportini tashkil qilishda yaratilayotgan imkoniyatlar bo‘yicha mahalliy tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boradi.

Bildirilishicha, 2021 yilda respublika miqyosida 1 684 ta tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan jami 1529 ming tonna yoki 965 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksporti amalga oshirilgan bo‘lib, shundan 170 ta yakka tartibdagi tadbirkorlar 100 foiz oldindan to‘lov asosida 4,8 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilgan.

Yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlariga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini oldindan to‘lov, ochilgan akkreditiv, rasmiylashtirilgan bank kafolati va eksport kontraktini siyosiy va tijorat tavakkalchiliklaridan sug‘urta qilish bo‘yicha polis mavjud bo‘lmasdan xorijiy valutaga eksport qilish huquqi berilishi natijasida respublikada meva-sabzavot mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlari soni oshadi va meva-sabzavot mahsulotlari eksportida sezilarli o‘sishga erishiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid