Xiyonat. U kim tomonidan bo‘lishidan qat’iy nazar, dahshatli zarba. Oilada u sabab keladigan rashk, nafrat, alam oqibati esa undan-da dahshatli bo‘lishi mumkin. “Mahkuma” loyihasining bugungi qahramoni shu tufayli 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

“Niyatim erimdan o‘ch olish edi...”

— O‘z erimning katta miqdordagi pulini o‘g‘irlaganman. O‘g‘irlangan pul 715 ming AQSh dollari edi. O‘sha paytda rashk, xiyonat, alam tufayli ko‘zimga hech narsa ko‘rinmagan. Erimning ketma-ket xiyonati, ruhiy, iqtisodiy bosimlari ostida qasddan jinoyat sodir qildim.

3 nafar farzandim bor. Jarblanuvchi tomon farzandlarimning otasi bo‘lgan. Keyinchalik katta xato qilganimni tushundim, ammo o‘sha vaqtda ko‘zimga hech narsa ko‘rinmagan. Niyatim faqat o‘ch olish bo‘lib, qasddan jinoyat qilganman.

Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi (juda ko‘p miqdordagi o‘g‘rilik – tahr.) bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum etilganman. Jinoyatimga yillar davomida bo‘lib kelgan oilaviy nizolar sabab bo‘lgan.

Erim tadbirkorlik bilan shug‘ullanardi, dunyo kezishni yoqtirardi. Turmushim davomida ruhiy, iqtisodiy tazyiqlar ostida yashadim. Shuncha puli bor odam qanday qilib iqtisodiy bosim qilishi mumkin, dersiz. Lekin menga shaxsiy xarajatlarim uchun pul berishni istamasdi, o‘zim uchun nimadir olishimga imkonim bo‘masdi, har bir harakatim yoki ishim tanqid ostiga olinardi.

Yaqin dugonamning erim bilan munosabatlari borligini sezganman. Erim bilan ochiqchasiga gaplashib olmoqchi bo‘lganimda: “Istasang shu, istamasang katta ko‘cha” degan javobni oldim. Shundan keyin arazlab, farzandlarim bilan ota uyimga ketdim. Bizdan umuman xabar olmay qo‘ydi. Bundan bir g‘azablansam, erimga “jazman” bo‘lgan dugonamning qimmatbaho mashinalarda yurgani, eng qimmat kiyimlarni kiyayotganini ko‘rib battar alam qilardi. Bu narsa nafratga, nafrat esa qasddan jinoyat sodir qilishga olib keldi.

Jinoiy sherigim ham bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘imning haydovchisi bilan til biriktirgan holda reja tuzdim. Erimning pullari qayerda saqlanishini tushuntirdim, seyfning kalitini berdim. U menga uyimdan 715 ming AQSh dollarini olib chiqib bergan. Hozir ikkalamiz ham qamoqdamiz. “Al qasos-u minal Haq” degan gapni unutib qo‘ygan ekanman.