Ushbu materialda aks etgan ma’lumotlar bo‘yicha Farg‘ona viloyat hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Unda aytilishicha, Kun.uz materialida keltirilgan holatlar yuzasidan Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan quyidagilar ma’lum qilinadi:
13 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Uchko‘prik tumanida fermerlar yer ijara shartnomalari bekor qilinishini so‘rab ariza yozishi bilan bog‘liq holat viloyat hokimligi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida to‘liq o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijasida quyidagilar aniqlandi:
Uchko‘prik tumanida “Global Textile solution” MChJ paxta-to‘qimachilik tomonidan 2022 yil hosili uchun 187 ta fermer xo‘jaliklari bilan 5720 gektar maydonda 20 ming 300 tonna paxta xomashyosini yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuzilgan.
Mavjud hisobot ma’lumotlariga ko‘ra, 17 oktabr holatiga jami 18 ming 121 tonna paxta xomashyosi qabul qilinib, shartnomaviy majburiyat tuman bo‘yicha 89,27 foizga bajarilgan.
Aniqlanishicha, 2022 yil 13 oktabr kuni tuman hokimligi majlislar zaliga shartnoma majburiyatini bajarmagan fermer xo‘jaliklari taklif etilib, shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik oqibatlari tushuntirilgan.
Shu kuni tumandagi xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius M.Ergashev tomonidan jami 16 nafar fermer xo‘jaliklari rahbarlarining tuzilgan yer ijara shartnomalarini o‘z ixtiyorlari bilan bekor qilish haqidagi yozgan arizalari tasdiqlanib, reyestr raqamlari qayd etilgan.
Mazkur arizalar fermer xo‘jaliklari rahbarlarining o‘z xohishlariga asosan 15 oktyabrda ushbu notarius orqali bekor qilinib, reyestrga kiritilgan.
Tumanda 13 oktabr holatiga jami 135 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmagan bo‘lib, ularning 8 tasi 50 foizdan past, 21 tasi 50-70 foizgacha, 58 tasi 70-90 foizgacha va 48 tasi 90 foizdan yuqori holda majburiyatlarni bajarmagan.
Xususan, hokim sektorida 41 ta, prokuror sektorida 26 ta, IIB sektorida 37 ta, DSI sektorida 31 ta fermer xo‘jaliklari paxta xomashyosi yetishtirish shartnomaviy majburiyatlarini bajarmagan.
O‘rganish davomida arizalari notarius orqali rasmiylashtirilgan “Dostonbek” (S.Jo‘rayev), “Nihol” (F.Xotamov), “Nurli kelajak” (M.Maxmudov) va boshqa fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan suhbat qilinib, holat bo‘yicha izoh olinganda barchasi tuman hokimligi majlislar zalida sektor rahbarlari tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmasligi oqibatlari tushuntirilganligi, biroq o‘z xohishlari bilan yer ijara shartnomasini bekor qilish haqida ariza yozib berganliklarini, ularni hech kim majbur qilmaganligini, barchasi jahl ustida yozilganligi sababli qayta ariza yozishib, notarius orqali dastlabki ariza bekor qilinganligini ma’lum qilishgan.









