Huquqsizlik fermerlikning kuçli, iqtisodiy faol harakatga aylaniş jarayoniga tösiq bölib kelmoqda. Mamlakat iqtisodiyoti tayançiga aylanişi mumkin bölgan soha hokimlar “kayfiyati”ga qaram. Buning oqibatlaridan yana biri – tayinli egasi bölmagan yerlar ölik tuproqlarga aylanyapti. Sirdaryoda bölayotgan işlar – holatga illyustratsiya. Jurnalist Şokir Şaripov Xovos tumanida bölib, yerlari zörlik bilan tortib olinayotgan fermerlar faryodini tingladi.

Köp yillik tajribaga ega fermerlarning yerlaridan asossiz mahrum etilişi, qarzdorlik botqoğiga botirilişi va ularning muammolariga mutasaddi taşkilotlarning befarqligi qişloq xöjaligi sohasida jiddiy muammolarni keltirib çiqarmoqda.

“Men 1969 yilda yettinçi sinfni bitirib, komsomol yöllanmasi bilan Sirdaryo viloyatining 27-sovxoziga kelganman. Yoşlar brigadasini oçib, traktorlarda paxta terib, 1973 yili Şarof Raşidovdan orden olganman. Qişloq xöjalik institutini qizil diplom bilan bitirganman. Uç çanoqli paxta böyiça diplom himoya qildim. 3700 gektar yerda işladim”, - deydi 50 yildan oşiq tajribaga ega dehqon-fermer Gulsara Umarova.

1969 yildan beri Sirdaryo viloyatida mehnat qilgan, şaxsan Şarof Raşidovning qölidan orden olgan fermer ayol öz tajribasi haqida gapirar ekan, yerlarining birin-ketin olib qöyilganini kuyunib tilga oladi. U atigi olti kun şifoxonada yotgani uçun bir yeridan, beş kun farzandi isitmalagani uçun esa yana bir yeridan judo bölganini ta’kidlaydi. Uning aytişiça, na hokimiyat vakillari, na fermerlar kengaşi ön yil davomida biror marta ham ularning holidan xabar olib, qarzdorlik sabablari bilan qiziqmagan.

“13 gektar yerga paxta, 22 gektar yerga ğalla ekdim. Ğalla “plani”ni ham, paxtanikini ham bajardim. Klaster bilan şartnoma qilib, fyuçers şartnomasini bajardim. Lekin hokimiyat da’vo arizasi kiritdi sudga, “sen noqonuniy tört gektar piyoz ekkansan”, deb. Lekin men tört gektarda boşqa ekin ekişim mumkin, şunga işçilarim uçun 2 gektar piyoz ekilgan edi. Piyozni olib, örniga yana ğöza ekib, “plan”ni bajardik. Davlat oldidagi qarzdorlik menda katta emas. 70 million soliqlarning hammasini nol qilib, texnika çiqarganman lizingga. Lekin qarzimni tölasam ham, baribir yerimning ijara şartnomasini bekor qilişdi”, - deydi fermer Mamadali Mamarahimov.

Fermerlar özlarining klasterlar bilan teng körilmayotganidan, ularga berilayotgan subsidiyalar heç bölmaganda vaqtinça fermerlarga ham taqdim etilmayotganidan şikoyat qiladi.