Xerson aholini Dneprning o‘ng sohilidan chap sohiliga evakuatsiya qilish boshlandi. Bu jarayon ukrainlar armiyasining qarshi hujumi fonida va Rossiyaning Ukrainadagi qo‘shinlari qo‘mondoni Sergey Surovikinning Xerson bo‘yicha «nooddiy qarorlar» qabul qilinishi istisno etilmasligi fonida yo‘lga qo‘yildi.
Xerson oblastining bosqinchilar tomonidan tayinlangan hukumati ham chap sohilga ko‘chib o‘tmoqda, hukumat evakuatsiyani «tartibli ko‘chirish» deb atadi. Bu bir necha o‘n ming aholini qamrab oladi.
«Biz taxminan 50-60 ming kishini chap sohilga olib o‘tishni rejalashtirganmiz, undan keyin esa kim istasa Rossiya Federatsiyasining boshqa regionlariga ketishi mumkin», dedi Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Vladimir Saldo. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki kunda besh mingdan ortiq kishi Xersonni tark etgan.
«Chap sohilda odamlar ma’lum muddat qolishi mumkin bo‘lgan joylar hozirlangan. Chunki ular hali ham bu vaqtinchalik deb hisoblaydilar. Biz barchamiz bu vaqtinchalik ekaniga ishonamiz - harbiylarimiz oldida turgan harbiy vazifalarni bajarish davri», deya qo‘shimcha qilgan u «Solovev.Live» shousi efirida.
Bundan oldinroq Xerson oblasti «ma’muriyati rahbari o‘rinbosari» Kirill Stremousov Ukrainaning yangi hujumi boshlanganini e’lon qilgandi. «Ukraina qurolli kuchlari Xerson oblastining Novaya Kamenka – Berislav yo‘nalishi bo‘yicha hujumga o‘tdi. <…> 128-tog‘-shturmchi brigadasining ikki bataloni va 17-brigadaning tank bataloni», dedi u.
«Tez orada Xerson uchun jang boshlanadi. Tinch aholiga keraksiz xavf-xatarga duchor bo‘lmaslik uchun, iloji bo‘lsa, yaqinlashib kelayotgan shafqatsiz jangovar harakatlar hududidan ketish tavsiya etiladi», deya qo‘shimcha qildi u va aholidan uning so‘zlarini jiddiy qabul qilishni so‘radi.
Saldoning talqiniga ko‘ra, odamlar suv toshqini xavfi tufayli olib ketilmoqda, bu Kaxova GESga zarba berilgan taqdirda ro‘y berishi mumkin, shuningdek, mudofaa istehkomlari tiklash zarurati ham tinch aholi vakillari ketishini talab etadi.
Oktyabr oyi boshida ukrain qismlari rossiyaliklarning Dneprning o‘ng sohilidagi mudofaasini yorib o‘tgan hamda Berislav yo‘nalishida va Kaxova GES tomon harakatlana boshlagandi. Natijada Xersonda joylashtirilgan Rossiya qo‘shinlari qurshovga tushishi xavfi reallashgan.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak evakuatsiya haqidagi xabarlarni faylasuflarcha izohladi: «Xerson annexia qilingani haqida dabdaba bilan e’lon qilinganiga, Qizil maydondagi tantanali konsertga va «goyda» qichqiriqlariga bir oy ham bo‘lmasdan o‘zini o‘zi «shahar ma’muriyati» deb e’lon qilganlar… Ukraina sudidan qochib, tantanali ravishda evakuatsiya qilmoqda. Agar siz xayolot dunyosida yashasangiz, reallik og‘riqli bo‘lishi mumkin».














