12:56 / 24.10.2022
5970

Hukumat bozor va savdo komplekslari bo‘yicha yangi qaror qabul qilishi kutilyapti

Vazirlar Mahkamasining “Bozor va savdo komplekslarini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi e’lon qilindi.

Qaror loyihasi bilan hududlarda joylashgan bozor va savdo komplekslarini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi, tuman (shahar) hokimlari boshchiligida bozor va savdo komplekslarini o‘rganish bo‘yicha tuziladigan ishchi guruhlar namunaviy tarkibi tasdiqlanmoqda.

Ishchi guruhlar bozor va savdo komplekslari hozirgi zamon arxitektura va shaharsozlik me’yor talablariga mos kelishi, sanitariya, veterinariya, yong‘in xavfsizligi hamda zarur infratuzilma bilan ta’minlangani holatini xatlovdan o‘tkazishi, xatlov natijalariga ko‘ra har bir bozor kesimida ular keyingi faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy takliflarni ishlab chiqishi va tasdiqlash uchun Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga kiritishi lozim.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mutasaddi tashkilotlar bilan birga 2023 yil 1 martgacha hududiy ishchi guruhlar tomonidan kiritilgan takliflar asosida hududlardagi bozor va savdo komplekslari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha aniq manzilli ro‘yxatni, moliyaviy manbalarini ko‘rsatgan holda tasdiqlaydi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi hamda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2023 yil 1 iyulga qadar Ye-BOZOR bozorlar va savdo komplekslari yagona elektron platformasini yaratadi.

Qurilish vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda dehqon bozorlarini tashkil etish bo‘yicha tavsiyaviy talablarni ishlab chiqadi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ketma-ket 2 ta moliyaviy hisobot davrida faoliyatini zarar bilan yakunlagan yoki tasdiqlangan biznes reja ko‘rsatkichlarini asossiz bajarmagan davlat ulushi mavjud bozor va savdo komplekslari aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yig‘ilishlarida ijroiya organi rahbarlari vakolatini belgilangan tartibda muddatidan oldin tugatish masalasini ko‘rib chiqadi.

Davlat aktivlari agentligi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda bozor va savdo komplekslari ijroiya organi rahbari lavozimiga nomzodlarni shaffof tanlov asosida saralab olish bo‘yicha namunaviy tartib ishlab chiqilishini hamda bozor va savdo komplekslari boshqaruv organlari qarorlari bilan tasdiqlanishi, 2023 yil 1 iyulga qadar tasdiqlangan tartib bo‘yicha yangicha fikrlaydigan, zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori malakali rahbarlarni tanlov asosida saralab olinishini va uch yil muddatga tayinlash choralari ko‘rilishini ta’minlashi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid
Top