Shubhasiz aytish mumkinki, bugun jahon hamjamiyati e’tiborida yangi O‘zbekistondagi o‘zgarish va qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar keng muhokama qilinmoqda. Ayniqsa, sportchilarimizning dunyo arenalarida erishayotgan muvaffaqiyatlari, o‘zbek degan nomning baralla tarannum etilishida katta ahamiyat kasb etyapti.

Albatta, buning zamirida mamlakatimizda yurtboshimiz tomonidan ayni yo‘nalishga berilayotgan imkoniyat va yaratilayotgan sharoitlarning alohida o‘rni bor. Mana masalan, tashkil etilganiga endigina 3 yil bo‘lgan, yurtimiz uchun yangi sport turi hisoblanmish fransuz boksi “Savat”, bugun qamrov darajasini kundan – kunga oshirib, butun respublika miqyosida 2 mingga yaqin o‘g‘il-qizlarni o‘zining atrofida birlashtirdi. Nisbatan qisqa vaqt oralig‘ida uning “Komba” va “Asso” yo‘nalishlari bo‘yicha “O‘zbekiston kubogi” va “O‘zbekiston chempionati” musobaqalari o‘tkazildi.

Foto: Turonbank

Bundan tashqari, yangi O‘zbekiston fransuz boksi “Savat” assotsiatsiyasi prezidenti “Turonbank” ATB Boshqaruv Raisi Mirzayev Chori Sadibakosovich sa’y-harakatlari bilan atletlarimiz Italiyaning Milan shahrida o‘tgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida ilk bora qatnashib, 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi.

Foto: Turonbank

Shuningdek, Bangladesh mamlakatining Dakka shahri mezbonlik qilgan 3-Osiyo chempionati ham O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun omadli kelib, sportchilarimiz “Asso” va “Komba” yo‘nalishlarida 3 ta oltin, 3 ta bronza medaliga ega qilishdi.

Qolaversa, vakillarimiz Bolgariyaning Plovdiv shahrida tashkil etilgan xalqaro chempionatda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, 7 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medaliga munosib ko‘rilishdi.

Foto: Turonbank

Yana bir esda qolarli va assotsiatsiya uchun kerakli natijani olib kelgan yutuq Serbiya davlatida o‘tgan yoshlar ishtirokidagi “Jahon chempionati” va kadetlar o‘rtasidagi “Jahon kubogi” musobaqalari bo‘ldi. Unda hamyurtlarimiz 2 ta oltin va 2 ta bronza medaliga ega bo‘lishdi.