10:52 / 04.11.2022
4476

Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi O‘zbekistonga keldi

Foto: Turizm va madaniy meros vazirligi

BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) bosh kotibi Zurab Pololikashvili O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, yuqori martabali mehmonni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov kutib oldi.

Tashrif davomida UNWTO bosh kotibi Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan II O‘zbekiston iqtisodiy forumida ishtirok etadi. Shuningdek, u Samarqand Turistik markazidagi «Boqiy shahar» majmuasi hamda 2023 yili Samarqandda BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining (UNWTO) 25-sessiyasi o‘tkaziladigan «Kongress holl»ga tashrif buyurish, infratuzilma, shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, «Konigil» turizm qishlog‘i hamda Samarqanddagi Turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga ham boradi. Martabali mehmon universitet talabalari uchun ma’ruza qilishi kutilmoqda.

Tashrif 7 noyabrga qadar davom etadi.

Top