Jyeyk Sallivan – Jo Baydenning eng yuqori martabali maslahatchisi. Amerika doiralarida u Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazish tarafdori sifatida ma’lum. Foto: Bloomberg

The Wall Street Journal nashri Moskva va Vashington o‘rtasida maxfiy aloqalar mavjudligi haqida birinchi bo‘lib xabar berdi. Nashrning yozishicha, so‘nggi bir necha oy ichida Sallivan Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev va Kremlning tashqi siyosat bo‘yicha katta maslahatchisi Yuriy Ushakov bilan maxfiy suhbatlar o‘tkazgan.

Nashrning ma’lum qilishicha, muzokaralardan maqsad urushni tugatish shartlarini muhokama qilish emas, balki Ukrainada yadroviy to‘qnashuvning oldini olish bo‘lgan.

Avvaliga Oq uy bu xabarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri izoh berishdan bosh tortdi, ammo inkor ham qilmadi.

AQSh Milliy Xavfsizlik Kengashi matbuot kotibi Adriyen Uotson dalilsiz bo‘lgan har bir bayonotga javob berish imkonsizligini ta’kidladi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa G‘arb matbuotini «ko‘plab yolg‘on xabarlarni chop etish»da aybladi.

Biroq 7 noyabr kuni Nyu-Yorkdagi chiqishida Jyeyk Sallivan Vashington va Rossiya rahbariyati o‘rtasidagi aloqa kanallari ochiqligicha qolayotganini tan oldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu AQSh manfaatlariga mos keladi. Shu bilan birga, u Vashington kim bilan ish olib borayotganidan xabardor ekanini ta’kidladi.

Dushanba kuni Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per ham Qo‘shma Shtatlar Rossiya bilan muzokaralar olib borish huquqini o‘zida saqlab qolishini aytdi.

Oq uy va Kreml o‘rtasida qandaydir parda ortidagi aloqalar mavjudligiga ishoralar biroz oldin paydo bo‘lgan edi.

Masalan, oktyabr oyida NBC telekanaliga bergan intervyusida Jyeyk Sallivan Vashingtonning yuqori martabali mulozimlari Rossiya rasmiylari bilan suhbatlarda, ularga agar Moskva yadro qurolidan foydalansa, AQSh tomonidan ko‘riluvchi «ehtimoliy javob chorasi ko‘lamini tushuntirgani»ni aytgandi.

Vashington Kiyevga bosim o‘tkazmoqdami?

7 noyabr kuni CNN nashri Vashingtondagi manbalariga tayanib, so‘nggi bir necha hafta ichida AQSh rasmiylari Kiyevni Moskva bilan muzokaralar olib borishga tayyorligini ko‘rsatishga undayotganini ma’lum qildi.