Jahon | 09:45 / 18.11.2022
17237
5 daqiqa o‘qiladi

Nensi Pelosi Vakillar palatasi spikerligidan ketadi

AQSh Vakillar palatasida qariyb yigirma yil davomida demokratlar yetakchisi bo‘lgan Nensi Pelosi o‘z lavozimidan ketayotganini e’lon qildi.

Foto: NYT

82 yoshli Pelosi Kongressdagi eng nufuzli demokrat hamda Vakillar palatasi spikeri bo‘lgan ilk ayol hisoblanadi.

U Kongressning quyi palatasida Kaliforniya okrugi vakili sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Uning ketishi oraliq saylovlardan keyin respublikachilar Vakillar palatasida nazoratni qaytarib olayotgani bilan bog‘liq.

Respublikachi Kevin Makkarti Kongressning yangi spikeri bo‘lish uchun nomzodini ilgari surdi va katta ehtimol bilan aynan u bu lavozimda Pelosining o‘rniga keladi.

«Men hech qachon uy bekasiligidan Vakillar palatasi spikeri lavozimiga qadar yo‘lni bosib o‘taman deb o‘ylamagandim», — deya tan oladi Pelosi o‘z bayonotida.

«Men navbatdagi chaqiriqda Demokratik partiya rahbarligiga qayta saylanishga intilmayapman. Yangi avlodga o‘zim hurmat qiladigan demokratlar fraksiyasini boshqarish huquqini berish vaqti keldi», — degan u.

Pelosi Kongressning yangi tarkibi ish boshlaydigan yanvarga qadar spikerlikni davom ettiradi, keyin esa 2025 yil yanvariga qadar unda kongressmen sifatida qoladi.

Nyu-York shtatidan kongressmenlikka saylangan Hakim Jyeffris Vakillar palatasida demokratlar yetakchiligini o‘z qo‘liga olishi kutilmoqda - bu orqali u AQSh tarixida bunday lavozimni egallagan ilk qora tanli siyosatchiga aylanadi.

Vakillar palatasi spikeri — AQSh Konstitutsiyasida ko‘rsatilgan lavozimdir. Bu AQShda prezident va vitse-prezidentdan keyingi uchinchi eng muhim lavozim hisoblanadi — yuqoridagi lavozim egalari vakolatini bajarishga layoqatsiz bo‘lib qolganida aynan spiker prezidentlikka o‘tishi mumkin.

Spiker, uning o‘rinbosarlari va qo‘mitalar raislari qaysi qonun loyihalari ko‘rib chiqilishi va ovozga qo‘yilishini hal qilishadi. Ular kun tartibini belgilashadi va debatlarni tartibga soluvchi qoidalarni o‘rnatishadi.

***

Kongressdagi yirik partiyani boshqargan ilk ayol sifatida Nensi Pelosi Vakillar palatasining eng samarali yetakchilaridan biri sifatida tarixga kirdi — u demokratlar uchun bebaho boylik, respublikachilar uchun dahshatli raqib, deb yozadi BBC’ning Vashingtondagi muxbiri Entoni Zurker.

«Qonunchilik ziyrakligi, kerak bo‘lganda partiyani birlashtira olish qobiliyati, shuningdek siyosiy o‘yinchi sifatidagi instinkti Nensi Pelosini Kapitoliy tepaligidagi jiddiy kuchga aylantirgandi», deya xulosa qiladi nashr korrespondenti.

Nensi Pelosi ilk bor 1987 yilda Kongressga saylangan.

Pelosi 2003 yilda ozchilik fraksiyasi rahbariga aylanadi — o‘shanda bu lavozim Vakillar palatasidagi muxolifatlar yetakchiligi edi.

2006 yilda demokratlar so‘nggi o‘n yildan ortiq vaqt ichida ilk bor Vakillar palatasini o‘z nazoratiga oladi va u Kongressdagi yirik partiyani boshqargan ilk ayol bo‘ladi.

Pelosi to‘rt yil o‘tib yana palatadagi ozchilik yetakchisi bo‘ladi, ammo 2018 yilda spikerlik lavozimiga qaytadi va o‘sha paytda AQSh prezidenti bo‘lgan respublikachi Donald Trampning asosiy siyosiy raqibiga aylandi. 2021 yilning noyabrida Nensi Pelosi yana ikki yilga Vakillar palatasi spikeri etib saylandi.

Siyosatchi xalqaro maydonda bir necha bor o‘ziga e’tiborni tortgan. 2022 yil avgust oyi boshida Pelosining Tayvanga tashrifidan so‘ng Xitoy amerikalik ayol va uning oila a’zolariga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Sentabr oyida AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Armaniston va Ozarboyjon chegarasidagi to‘qnashuvlar yuzasidan bayonot berib, ular uchun Bokuni ayblagan edi.

Pelosining saylovoldi kampaniyasi eriga qilingan hujum soyasida qoldi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchi siyosatchining San-Fransiskodagi qarorgohiga bostirib kirib, Pol Pelosiga bolg‘a bilan hujum qilgan, shundan so‘ng 82 yoshli erkak kasalxonaga yotqizilgan. Dpa agentligiga ko‘ra, hujum aslida Pelosining o‘ziga qarshi rejalashtirilgandi. Bu vaqtda u Vashingtonda bo‘lgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid