Rossiyada giyohvand moddalar kontrabandasida ayblangan amerikalik basketbolchi Brittni Grayner AQShda qurol savdosi bilan shug‘ullanganlik uchun qamalgan rossiyalik Viktor Butga almashtirildi.

Rossiya TIV ma’lumotiga ko‘ra, almashuv Abu-Dabi aeroportida amalga oshirilgan.

Payshanba kuni kechqurun But Moskvadagi Vnukovo aeroportiga kelgan, bu yerda uni rafiqasi Alla va onasi Raisa But kutib olishgan. Uning Rossiyaga qaytishi Rossiya televideniyesi jonli efirida namoyish etishgan.

Moskvada But jurnalistlarga almashuv haqida uni oldindan ogohlantirishmaganini aytgan. «Yarim tunda shunchaki uyg‘otishdi va aytishdi: «Narsalaringni yig‘ishtir». Hech qanday oldindan ma’lumot berilmadi», - deya uning so‘zlarini keltiradi TASS agentligi.

Viktor But Rossiyaga uchayotgan samolyotda. Foto: TASS

AQSh prezidenti Jo Bayden ham Grayner uyga qaytayotganini aytdi. «Bir necha daqiqa oldin men Brittni Grayner bilan gaplashdim. U xavfsizlikda. U allaqachon samolyotda uyga uchmoqda», deya yozgan u tvitterida.

Bayden shuningdek AQSh Rossiyada sudlangan sobiq dengiz piyodasi Pol Uilanni vatanga qaytarishga intilishda davom etishi haqida bayonot berdi.

But va Graynerni almashtirishga erishishda BAA prezidenti hamda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasining birgalikdagi sa’y-harakatlari ham yordam bergan, bu haqda ikki monarxiya qo‘shma bayonotida aytiladi.

Rossiyalik inson huquqlari bo‘yicha komissar Tatyana Moskalkovaning aytishicha, But ham, Grayner ham almashuv oldidan afv etilgan va endi ular jazo muddatining qolgan qismini vatanida o‘tamaydi.

Bunday almashuv ehtimoli haqida avvalroq OAVda xabarlar chiqqandi. 18 noyabr kuni buni Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Sergey Ryabkov ham tasdiqlagandi.