Metro – har kuni milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan strategik transport tizimi. Shu sababli, uning moliyaviy faoliyati, rahbariyat xarajatlari va xodimlar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar jamoatchilik e’tiboridan chetda qolmasligi tabiiy.
Ijtimoiy tarmoqlarda metropoliten rahbariyati va ayrim xodimlariga tegishli ekani aytilgan hisob-varaqalar tarqaldi. Ulardagi ayrim summalar o‘nlab, hatto yuzlab million so‘mni tashkil etadi. Misol uchun, bir xodimning 2025-yil noyabridagi hisob-varaqasida 83 mln 254 ming so‘mdan ziyod summa qayd etilgan. Tabiiyki, bu raqamlar "metropoliten rahbarining oyligi shuncha ekanmi?" degan savolni keltirib chiqardi. Ammo masullar mazkur summalarni sof ish haqi sifatida qabul qilmaslik kerakligini aytmoqda.
"Toshkent metropoliteni" AJ raisi o‘rinbosari Yo‘ldosh Yusupovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilgan katta summalar tarkibida xizmat safari bilan bog‘liq xarajatlar mavjud.
"Avvalo, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan raqamlarni faqat ish haqi sifatida talqin qilish noto‘g‘ri. Metropoliten xodimlarining hisob-varaqalarida ma’lum bir oyda ularga to‘langan jami mablag‘ aks etadi. Bu summaning ichida bevosita ish haqi bilan bir qatorda xizmat safariga doir xarajatlar, belgilangan tartibdagi boshqa to‘lovlar ham bo‘ladi. Metropolitenni rivojlantirish, xorijiy tajribani o‘rganish va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish maqsadida xodimlarimiz muntazam ravishda boshqa davlatlarga xizmat safarlariga yuboriladi. Bunda xodimning borib-kelishi, aviachipta yoki umumiy transport xarajatlari, mehmonxonada yashashi, ovqatlanishi va safar bilan bog‘liq boshqa zarur to‘lovlar korxona tomonidan qoplanadi. Hisob-varaqadagi jami to‘lov bilan xodimning ish haqini bir xil deb hisoblash xato tushuncha. Xizmat safari xarajatlari xodimning shaxsiy daromadi sanalmaydi, bu xizmat vazifasini bajarish uchun amalga oshirilgan xarajatdir. Shu sabab, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan hisob-varaqadagi umumiy summani olib, "falon rahbar bir oyda shuncha maosh olgan" degan xulosa chiqarish to‘g‘ri emas", – deydi Yo‘ldosh Yusupov.

"Bir oiladan uch avlod ishlaydi"
Metropoliten atrofidagi ikkinchi katta bahs – qarindosh-urug‘chilik masalasi. Ijtimoiy tarmoqlarda korxonada qarindoshlar va tanish-bilishlar ko‘pligi, ayrim oilalarning bir necha vakillari bir tizimda ishlashi haqida tanqidlar bildirildi. Metropoliten vakili bunday holatlar mavjudligini inkor etmadi. Uning aytishicha, korxonada uch avlod: ota, farzand va nabira bir tizimda ishlayotgan holatlar ham bor.


















