Blinken: AQSh O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara bo‘yicha kelishuvni olqishlaydi
AQSh ma’muriyati O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegarani belgilash bo‘yicha kelishuvni olqishlaydi, shuningdek, Toshkent tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholaydi. Bu haqda dushanba kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Amerika poytaxtida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan uchrashuvi oldidan ma’lum qildi.
«Biz strategik sheriklik bo‘yicha muloqotni davom ettirmoqdamiz, bundan juda mamnunman», dedi Amerika diplomatiyasi rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, muloqot doirasidagi uchrashuv seshanba kuni bo‘lib o‘tadi. «Bu biz uchun oldimizda turgan ko‘plab muammolar yuzasidan fikr almashish uchun yaxshi va muhim imkoniyat bo‘ladi. Men har doimgidek, AQShning O‘zbekiston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga sodiqligini alohida ta’kidlayman», — dedi Blinken.
AQSh davlat kotibi «O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarani belgilash bo‘yicha kelishuvga erishganini» olqishlashini ta’kidladi.
«Menimcha, bu mintaqadagi va undan tashqaridagi ko‘pchilik uchun diplomatiyaning bunday muammolarni hal qilishda salohiyati va ahamiyati haqida muhim signal beradi», dedi Blinken. Amerika tashqi siyosat departamenti rahbari O‘zbekistondagi «islohotlar, jumladan, «diniy erkinlik va majburiy mehnat» bilan bog‘liq islohotlarni ta’kidladi. «Albatta, muhokama qilishimiz kerak bo‘lgan narsalar ko‘p. Xususan, Afg‘oniston bo‘yicha», - dedi Blinken.
O‘z navbatida, Norov O‘zbekiston «samarali muloqotni davom ettirish», jumladan, «savdo, sarmoya, fan-texnika, ta’lim va inson salohiyati taraqqiyoti sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish»ni kutayotganini ta’kidladi.
2022 yil 12-14 dekabr kunlari tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi Strategik sheriklik muloqoti ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun AQShda tashrif bilan bo‘ladi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov AQSh davlat kotibi Entoni Blinken hamda AQSh boshqa rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazadi.
O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi Strategik sheriklik muloqoti birinchi yig‘ilishi 2021 yil 13 dekabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan edi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston prezidenti 30 noyabr kuni O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasi alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma hamda Andijon (Kampirobod) suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilishga oid qonunlarni imzoladi. Xuddi shunday qonunlarni Qirg‘iziston tarafidan prezident Sadir Japarov 29 noyabrda imzoladi.
O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma 13 ta moddadan iborat. Unda o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasi 35 ta uchastkadagi umumiy uzunligi 302,29 km bo‘lgan chizig‘i belgilandi.
O‘zbekistonga 4957 gektardagi Andijon suv ombori hududi hamda to‘g‘onga xizmat ko‘rsatish va uni muhofaza qilish uchun qo‘shimcha 19,5 gektar yer maydoni o‘tkaziladi, Qirg‘izistonga esa kompensatsiya tarzida 1019 gektar yaylov yerlari beriladi.
Mavzuga oid
16:08 / 14.11.2024
Blinken: AQSh Tramp kelishidan oldin Ukrainaga yordamni kuchaytiradi
21:45 / 22.10.2024
Bayrutdagi shifoxonaga zarba berildi, Blinken yana Yaqin Sharqda
18:53 / 28.09.2024
AQSh Davlat kotibi Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi
09:59 / 12.09.2024