So‘nggi kunlardagi transfer yangiliklari va mish-mishlar.
«Chelsi» Fernandesni transfer qiladi
Jurnalist Fabritsio Romanoning xabar qilishicha, «Chelsi» «Benfika» yarimhimoyachisi Enso Fernandesning transferi bo‘yicha jiddiy harakat qilmoqda. Insayder Nikolo Shiraning xabariga ko‘ra, London klubi «Benfika»ning 21 yoshli yarimhimoyachisi bilan 2028 yilga qadar mo‘ljallangan bitim borasida prinsipial kelishuvga erishgan. Argentinalik futbolchi Londonda yiliga 10 mln yevro maosh oladi.
«Chelsi» endi «Benfika» bilan muzokaralar ustida ishlamoqda. Portugaliya klubi 120 mln yevro so‘ramoqda — bu futbolchining shartnomasida belgilangan tovon puli, ammo ingliz klubi muzokaralar davomida bu narxni kamaytirishga harakat qiladi. Qayd etilishicha, futbolchiga da’vogarlar qatorida sanalgan «Liverpul» va «Manchester Yunayted» klublari tomonidan rasmiy taklif bo‘lmagan. Transfermarkt Fernandesning transferini 55 million yevroga baholagan.
Joriy mavsumda Fernandes «Benfika» safida barcha musobaqalarda 24 ta o‘yin o‘tkazib, 3 gol va 4 assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. U JCh-2022da 7 ta o‘yinda ham ishtirok etdi va 1 gol urdi, yakunda turnirning eng yaxshi yosh futbolchisiga aylandi.
Bellingem «Real»da paydo bo‘lishi mumkin
ESPN nashri ma’lumotiga ko‘ra, «Real» Dortmundning «Borussiya» klubi yarimhimoyachisi Jud Bellingem uchun qancha narx to‘lash borasida bir qarorga kelgan. Manbaning yozishicha, Madrid klubi 19 yoshli futbolchi transferi evaziga Dortmundga 100 million yevrodan ortiq mablag‘ o‘tkazib berishga tayyor.
Avvalroq, ayni vaqtda angliyalik ushbu yosh futbolchi «Liverpul» va «Real» klublaridan jiddiy qiziqish mavjudligiga qaramay, «Manchester Siti»ga o‘tib, Gvardiola bilan ishlashni istayotgani xabar qilingandi.
Bellingem «Borussiya» safida 2020 yil iyulidan buyon to‘p surib keladi. Uning klub bilan shartnomasi 2025 yil yoziga qadar mo‘ljallangan.
Ikardi — «An-Nasr»ga yo‘l oladi
TMW ma’lumotiga ko‘ra, «PSJ» hujumchisi Mauro Ikardi «An-Nasr»da Krishtianu Ronalduning jamoadoshiga aylanishi mumkin. Arab klubi vakillari Ikardining atrofidagilar bilan muzokaralarni boshlashgan. 29 yoshli argentinalikning o‘zi Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tishga qarshi emas. Hozirda forvard Turkiyaning «Galatasaroy» klubida ijara asosida to‘p surmoqda. Transfermarkt uning transferini 17,5 million yevroga baholagan.















