«Dunyo» axborot agentligi xabariga koʻra, Oʻzbekiston diplomatlari bilan uchrashuvda Famot, Delta, Modern Farming, SOBEK, Fruits va Pureland kompaniyalari vakillari qatnashgan.
Muzokaralarda qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, sugʻorish hamda yangi yerlarni oʻzlashtirish sohalaridagi hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqilgan.
Misr tomoni aylana sugʻorish tizimlari - pivotlarni joriy etish, chorvachilik uchun ozuqa bazasini yaratish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni ishlab chiqishga tayyorligini bildirgan. Yetishtirilgan mahsulotlarni keyinchalik eksport qilishni tashkil etish masalasi ham muhokama qilingan.
Kompaniyalar Oʻzbekiston hududlarida yangi yerlarni oʻzlashtirish va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish loyihalarida ishtirok etish istagini qayd etgan.
Uchrashuv yakunida hamkorlik imkoniyatlarini joyida oʻrganish va aniq loyihalarni tayyorlash maqsadida Misr mutaxassislarining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishilgan.
















