Havodagi taktik boshqaruv namoyishi haqida AQSH Harbiy-havo kuchlari va Fury apparatini ishlab chiqarayotgan Anduril kompaniyasi maʼlum qildi.

YFQ-44A Fury uchuvchili aviatsiya bilan birgalikda harakatlanadigan jangovar dronlarni yaratishga qaratilgan Collaborative Combat Aircraft - CCA dasturi doirasida ishlab chiqilmoqda.

Anduril maʼlumotiga koʻra, F-22 va Fury Kaliforniyadagi Edvards aviabazasidan uchib, havoda uchrashgan. Parvoz davomida qiruvchi uchuvchisi taktik maʼlumot uzatish kanali orqali dronga yangilangan missiya rejasini yuborgan va manyovrlar bajarish boʻyicha buyruqlar bergan.

AQSH Harbiy-havo kuchlari izohiga koʻra, uchuvchi sinovda havodagi qoʻmondon vazifasini bajargan. U Fury’ning har bir harakatini qoʻlda boshqarmagan: umumiy taktik koʻrsatmalarni dronning bort dasturi mustaqil talqin qilib, bajargan. Namoyish davomida manyovrlar va jangovar vazifalarning imitatsiyasi oʻtkazilgan.

Sinovga bir nechta harbiy sinov boʻlinmalari, dasturiy taʼminot muhandislari, F-22 dasturi ofisi hamda CCA apparatlarining avtonom boshqaruvi va oʻzaro hamkorligi uchun masʼul mutaxassislar jalb qilingan.

Tajriba operatsiyalari boʻlinmasi Nevada shtatidagi Nellis aviabazasida joylashgan. U CCA dronlarini kelgusida AQSH Harbiy-havo kuchlari tarkibida qoʻllashga tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtiradi.

Harbiylar ham, Anduril ham sinovda qatnashgan F-22’ga qanday qoʻshimcha uskunalar oʻrnatilganini ochiqlamagan. Avvalgi byudjet hujjatlarida dronlarni boshqarish uchun qiruvchiga planshetlar, kabellar va tegishli komponentlarni integratsiya qilish zarurati tilga olingan edi.

Kelajakda bitta F-22 bir vaqtning oʻzida bir nechta CCA apparatining harakatlarini muvofiqlashtirishi koʻzda tutilmoqda. Hozirgi namoyishda esa bitta Fury ishtirok etgan.

Bunday boshqaruv uchun planshetga oʻxshash sensorli qurilmalardan foydalanish variantlari koʻrib chiqilmoqda. Biroq qoʻshimcha ekran va vazifalar, ayniqsa, bir oʻrinli qiruvchida uchuvchining ish yuklamasini oshirishi mumkinligi haqida xavotirlar ham bildirilgan.