Bayramona tabrik sifatida e’lon qilingan videorolikda Ichki ishlar vazirligi saflarida yurt tinchligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilayotgan bir guruh xodimlarning faoliyati, kechinmalari haqida hikoya qilinadi.

“Ota-onamning duolaridan kuch olaman. Duoning kuchi bilan ikki-uch kunlab uxlamay yurishimiz mumkin. Tinchligimiz duoda deb o‘ylayman.

Charchagan paytlarimda o‘zimni charchamaganday tutishga, charchoqqa yengilmaslikka harakat qilaman. Toliqishga haqqim yo‘q deb hisoblayman.

Xizmat davomida ko‘plab do‘stlar orttirdim. Hammasi o‘zimga o‘xshagan oddiy yigitlar ekan”, deydi Toshkent shahar IIBB maxsus vazifalarni bajaruvchi otryad xodimi Hasan Bahromov.

“Yo‘l harakati xizmati xodimlarining oqimning kattaligiga qaramay transport vositalari harakatini tartibga solishiga havas qilardim. Qachon men ham shunday darajaga yetaman, qachon men ham chorrahaning o‘rtasida turib shuncha mashinaning harakatini boshqaraman deb o‘ylardim.

Faoliyatimni boshlagan ilk kunlarda ikkita mashinani avariya qildirib qo‘yishimga sal qolgan. Shunaqa xatolardan saboq chiqarib ishimizni o‘rganganmiz. Yo‘lda mashinalarning qatnovini to‘xtatib qo‘ysak yomon ko‘rinib qolamiz. Ba’zi bir haydovchilarga yo‘lini ochib bersak yaxshi ko‘rinamiz”, deydi Toshkent shahar IIBB JXX YXXB YPX xodimi Nurjigit Muxutdinov.

“Eng boshidan bu ish juda qiyin va mas’uliyatli ekanini tushunganman. Chunki kichikligidan o‘rgatiladigan xizmat itlari yosh bola kabidir. Go‘daklar singari ular ham nimaga muhtoj ekanliklarini ayta olmaydi”, deydi IIV JXD JTSX kinologiya xodimasi Violetta Muravyova.

“Otga qarayotganimizda uning kayfiyati yo‘qligini sezsak, qand yoki olma berib, kayfiyatini ko‘tarishga harakat qilamiz. Shundan keyingina uni mashg‘ulotlarga olib chiqib ketamiz”, deydi Toshkent shahar IIBB JXX JTSB PPXB otliq otryadi xodimi Bobur Olimov.

“Oila hammada birinchi o‘rinda turadi. Yaqinlarimiz, ularning tinchligi, osoyishtaligi hammasi joyida bo‘lsa, ishda ham, xizmatimizda ham tinchlik bo‘ladi va o‘z burchimizni yuqori darajada ado etishimiz mumkin. Vatangan xizmat qilish bizning sharafli burchimiz”,deydi IIV JXD axborot xizmati boshlig‘i Muzifa Sultonova.