10–15 yanvar kunlari O‘zbekistonda anomal sovuq kuzatildi. Ob-havo harorati so‘nggi kunlari kunduzi 0 gradusga yaqinlashgan, aksar joylarda yerdagi qorlar hamon erimagan. O‘zbekistonlik bir guruh ko‘ngillilar ko‘chadagi qarovsiz hayvonlarga g‘amxo‘rlik aksiyasini boshladi.

Aksiya yetakchisi Feruzbek Sayfullayev Kun.uz bilan suhbatda «Odamlar bizning ko‘ngilli jamoa ekanimizni, davlat bu harakatlarimiz uchun bir so‘m ham to‘lamasligini tushunishlarini xohlardik... Tirik jon borki, ularga g‘amxo‘rlik qilish kerak», dedi.

«Tadbirkorlar ham hayvonlarga yordam beryapti»

Biz ko‘chadagi qarovsiz hayvonlarga oziq-ovqat mahsulotlarini doimiy ravishda berib kelardik. Lekin anomal sovuq kirib kelishi haqidagi xabar e’lon qilingach, 5 yanvarda sovuq kunlarda boshpanasiz hayvonlarni himoyaga olish borasida loyiha ishlab chiqdik. «Ekolog» nodavlat-notijorat tashkilotimiz tomonidan boshpanasiz hayvonlar qarorgohiga yordam qilib kelardik.

 Feruzbek Sayfullayev

Lekin sovuq tushgach, tashqaridagi qarovsiz hayvonlarni ham himoyaga olish kerak, degan fikrga keldik. Sovuq tushishi bilan ko‘chada boshpanasiz hayvonlar soni 2 barobarga ko‘paydi, odamlar xonadonlarida boqayotgan hayvonlarini ham ko‘chaga chiqarib tashlagan holatlari kuzatildi. Lekin hamma hayvonlarni qamrab ololmasdik, viloyatlarda ko‘ngilli yoshlarimiz o‘z mablag‘idan imkon qadar loyihani amalga oshiryapti. Ayrim viloyatlarda tadbirkorlar ham qo‘llab-quvvatlayapti, ayniqsa, non ishlab chiqaradigan tadbirkorlar pishmay qolgan yoki kuygan nonlarni yetkazib berishdi.

«Odamlar moddiy yordam ko‘rsatyapti»

Buxoroda 8 kundirki, shu loyihani amalga oshiryapmiz. Imkoniyatimiz yetmagani sababli ijtimoiy tarmoqlar orqali moddiy ko‘mak so‘rab, o‘zimga tegishli bank kartasini joylashtirdim. Shu kartaga (18 yanvar holatiga ko‘ra) 2 mln 11 ming so‘m atrofida pul yig‘ildi, shundan 1 mln 600 ming so‘mini 4ta boshpanasiz hayvonlarni qaramog‘iga olgan qarorgohlarning hisobraqamiga ko‘chirdik. Chunki u yerdagi qarorgohlarda 500dan oshiq itlar, mushuk va xo‘tiklar saqlanadi. Ayovsiz kaltaklangan, bosib ketilgan, ahvoli og‘ir hayvonlar ham bor. Yana 400 ming so‘m pulimiz qoldi, shu pulni Buxorodagi «Mya-mya» degan qarorgohga ko‘chirib bermoqchimiz.