Markaz Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan.
“Jonivorlarga qo‘limizdan kelgancha yaxshi sharoit yaratganmiz”
Yelena Lisenko, boshpanasiz hayvonlarning “Mehr” markazi direktori:

— Men O‘zbekistonda ilk marta tashkil qilingan vaqtincha boshpanasiz itlarni reabilitatsiya qilish markazi rahbariman. Bilasizmi, o‘z egasini yo‘qotgan, tashlab ketilgan yoki ko‘chada tug‘ilgan itlar qanchadir muddat ko‘chada yashashga majbur. Biz bu yerda ularga g‘amxo‘rlik qilamiz va qo‘limizdan kelgancha yaxshi sharoit yaratishga harakat qilamiz. Itlar o‘z egasini, o‘z uyini topishi kerak. Markazimizda ayni vaqt ko‘chadan olib kelingan 860 ta it boqilyapti.
Markaz Akfa Group homiyligida tashkil etilgan. 2 yildan ortiq vaqt mobaynida Yevropa va Turkiyada malaka oshirib kelgan mutaxassislarning tajribasi mana shu markazimizga moslashtirilgan. Bu yerda jonivorlarni yaxshi ko‘ruvchilar ishlaydi. Xarajatlarning deyarli barchasi Akfa Group tomonidan qoplanadi. Bu xarajatlarga oziq-ovqat va vaksinalar, 23 nafar ishchining maoshi ham kiradi.
“Undan ko‘ra odamlarga g‘amxo‘rlik qilsang bo‘lmaydimi, deyishadi”
Gulchehra Ergasheva, Hayvonlarni himoya qilish jamiyati a’zosi, volontyor:

— “Mehr” boshpanasida juda ko‘p qarovsiz jonivorlar joylashtirilgan. Bizning jamiyatimiz ham shunday faoliyat yuritadi. Biz Qonunchilik palatasi bilan ishlaymiz. 4 yil oldin odamlarning it yoki mushuklarga yomon munosabatda bo‘lgan holatlari yuzasidan organlarga yiliga 85 ta ariza tushar edi. Hozir 1,5 mingdan ko‘proq arizalar tushyapti. Bizning ham telefonlarimiz bor – hayvonlarga vahshiy va yomon munosabatda bo‘lish holatlari haqida ma’lum qilishadi.
Jonivorlarga g‘amxo‘rlik qilamiz desak, ko‘plar tushunmaydi. Undan ko‘ra odamlarga, yosh bolalarga yordam bersang bo‘lmaydimi, degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Muhtoj odammi, hayvonmi – hammaga yordam berish kerak, deb o‘ylayman. Biz bir-birimizga mehr-oqibatli bo‘lishimiz kerak, atrof-muhit, tabiat va jamiyatimizni asrashimiz kerak, bular ham ekosistemaning bir qismi.
















