O‘zbekiston | 15:46 / 27.01.2023
80142
3 daqiqa o‘qiladi

Human.uz sayti direktori va xodimlari sayt ofisidan olib ketildi

Sayt ofisi muhrlangan, saytning o‘zi ishlamayapti.

Xurshid Daliyev va Muslim Mirzajonov / Foto: Facebook

27 yanvar kuni Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev, sayt bosh muharriri Muslim Mirzajonov va saytning boshqa xodimlari nashrning Toshkent davlat agrar universiteti hududida joylashgan ofisidan olib ketilgan.

Saytning telegram kanalidagi sahifasida joylashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ofis eshiklari buzib kirilgan hamda barcha ma’lumotlar, qurilmalar bo‘yicha tintuv qilishmoqda.

«Human.uz sayti tahririyati to‘satdan va ogohlantirishlarsiz olib ketilgan barcha insonlar salomatligi va holatidan qattiq qayg‘uda. Ularning hech biriga aloqaga chiqishning iloji bo‘lmayapti.

Shuningdek, tahririyat ushbu holatni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti siyosatiga mutlaqo zid va so‘z erkinligiga tahdid deb hisoblaydi», - deyiladi bayonotda.

Keyinroq, Human.uz sayti ofisi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Quyi Chirchiq tumani bo‘limi surishtiruvchisi E. Ablamurodov imzosi bilan muhrlangani ma’lum qilindi.

Kun.uz’ning huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, sayt mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va sayt mas’ullaridan tashqari davlat tashkilotlarida ishlovchi boshqa shaxslar ham protsessual tartibda ushlangan.

Ayni paytda Human.uz sayti ochilmay qolgan.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Human.uz internet nashri jurnalistlarining qo‘lga olinishi bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirdaligini bildirgan.

«Huquq-tartibot idoralari tomonidan ushbu masala bo‘yicha izoh berilishini kutamiz hamda jurnalistlar xavfsizligi, shunindek, ularning professional faoliyatiga qonuniy munosabatda bo‘linishi ta’minlanishini so‘raymiz», deyiladi fond munosabatida.

Hozircha Bosh prokuratura va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) holat yuzasidan rasmiy bayonot bermadi.

Kun.uz sayti surishtiruv-tergov harakatlari qonuniylik, shaffoflik va ochiqlik prinsiplariga amal qilgan holda olib borilishiga, OAV faoliyati va so‘z erkinligiga tahdid qilinmasligiga umid bildirib qoladi. 

Mavzuga oid