"FSB" generalining qizi Tretyakov galereyasi direktori etib tayinlandi
Rossiya Madaniyat vazirligi Tretyakov galereyasi direktori Zelfira Tregulovani ishdan bo‘shatib, uning o‘rniga Putin bilan avval maxsus xizmatlarda ishlagan "FSB" generalining qizi Yelena Pronichevani tayinladi.
2020 yildan buyon Politexnika muzeyini boshqarib kelayotgan Yelena Pronicheva Moskvadagi Davlat Tretyakov galereyasining yangi bosh direktori etib tayinlandi. Pronicheva o‘zining yangi lavozimida 2015 yildan beri Tretyakov galereyasini boshqarib kelgan va "mehnat shartnomasi tugagani sababli" ishdan bo‘shatilgan Zelfira Tregulovani almashtirdi, deb yozadi "Interfaks" 9 fevral, payshanba kuni Rossiya Madaniyat vazirligi matbuot xizmatiga tayanib.
Idoraning ta’kidlashicha, yangi direktor "muzey fondlari bo‘yicha eng yaxshi tajribani saqlab qolishi va Davlat Tretyakov galereyasi va uning filiallarini, shu jumladan yaratilayotgan madaniy-ma’rifiy va muzey majmualari doirasida rivojlantirishni davom ettirishi" kerak.
San’atshunos Zelfira Tregulova 2015 yildan beri Rossiyadagi asosiy muzeylardan birini boshqarib kelgandi, bungacha Pushkin nomidagi davlat tasviriy san’at muzeyi, Moskva Kremli va "ROSIZO" davlat muzeyi hamda ko‘rgazma markazida mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Yelena Pronicheva 2005 yilda Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutini "qiyosiy siyosat" mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan, keyin "Gazprom"ning tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘limida, shuningdek, "Gazprombank"da ishlagan. 2012-2013 yillarda u "VDNX" rivojlanish loyihalari rahbari, bosh direktori o‘rinbosari yordamchisi bo‘lgan. 2013 yildan 2020 yilgacha Moskvadagi Yahudiy muzeyi va bag‘rikenglik markazining ijrochi direktori bo‘lgan.
Bir qator ommaviy axborot vositalari, shuningdek, huquq himoyachisi Olga Romanovaning yozishicha, Pronicheva "FSB"da Konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish va terrorizmga qarshi kurash boshqarmasini yaratgan Federal xavfsizlik xizmati generali Vladimir Pronichevning qizi. "U barcha norozi bo‘lganlar bilan shug‘ullanadi", deb yozadi Telegram'da Romanova.
The Moscow Times nashrining yozishicha, Vladimir Pronichev avvalroq Rossiyaning amaldagi prezidenti Vladimir Putin bilan birga maxsus xizmatlarda ishlagan.
Yanvar oyi oxirida The Moscow Times Rossiya Madaniyat vazirligining Tretyakov galereyasidagi ko‘rgazmalar mazmunini "ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga muvofiqlashtirish" talabi haqida xabar berdi. Nashr Madaniyat vazirligining muzeylar va tashqi aloqalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Natalya Chechelning Tretyakov galereyasi direktoriga yo‘llagan xati nusxasiga ishora qilgan. Muzey rahbariyati Sergey Shadrin ismli fuqaroning Madaniyat vazirligiga kelib tushgan shikoyatiga qisqa vaqt ichida javob berishga majbur bo‘lgan. Shadrin o‘z shikoyatida Tretyakov galereyasi ekspozitsiyasi "ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga to‘liq mos kelmaydi", zallarda "buzg‘unchi mafkura belgilariga ega bo‘lgan asarlar bor", eksponatlar esa chuqur pessimizm, bo‘shliq va umidsizlik hissini keltirib chiqarmoqda, degan fikrni bildirgan.
Noyabr oyida Vladimir Putin an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni asrab-avaylash va mustahkamlash bo‘yicha davlat siyosati asoslarini tasdiqlovchi farmonni imzoladi. Bunday qadriyatlar ro‘yxatiga inson huquqlari, vatanparvarlik, vatanga, oilaga xizmat qilish va ma’naviyatni moddiy narsadan ustun qo‘yish kiradi.