Jahon | 00:52 / 28.01.2019
6288
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvadagi Tretyakov galereyasidan rassom Kuinji surati o‘g‘irlab ketildi

Foto: tretyakovgallery.ru

Moskvadagi Tretyakov galereyasidan rus rassomi Arxip Kuinjining “Ay-Petri. Qrim” (1908) deb nomlangan surati o‘g‘irlab ketildi. Ta'kidlanishicha, hozirda muzeyda rassomning ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

Ma'lum qilinishicha, jinoyatchi muzey xodimi ko‘rinishida suratni ramkasidan chiqarib, u bilan qochib ketgan.

Huquq-tartibot xodimlarining fikricha, jinoyatchining sherigi bo‘lgan. Ikkinchi jinoyatchi sherigini Mercedes mashinasida kutib turgan. “Interfaks” axborot agentligining ma'lum qilishicha, politsiya o‘g‘rining fotorobotini tuzgan. 

O‘g‘rilik guvohlar ko‘z o‘ngida sodir etilgan, biroq guvohlar shovqin ko‘tarishmagan. Ta'kidlanishicha, jinoyatchi muzey xodimlari ko‘z o‘ngida suratni ilingan joyidan olib, ustun ortiga o‘tgan hamda suratni ramkasidan chiqarib, zalni tark etgan. 

Yana bir guvoh o‘g‘ri zinalar bo‘ylab yugurayotganini ko‘rgan.

Ta'kidlanishicha, ko‘rgazma muzey xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘riqlangan. Surat 12 mln rublga sug‘urta qilingan bo‘lgan.

27 yanvarda rus peyzajchi rassomi Kuinji tavallud kunining 177 yilligi nishonlandi. O‘g‘irlangan surat 1898-1908 yillar mobaynida yaratilgan.

2018 yil may oyida ham muzeyda yana bir shov-shuvli jinoyat sodir etilgan. Mashhur rus rassomi Ilya Repinning “Ivan Grozniy va uning o‘g‘li Ivan” suratiga vandal tomonidan zarar yetkazilgan. 

Mavzuga oid

E`lonlar