Namangan viloyati hokimi 2023 yil 15 fevral kungi qarori bilan O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilovning 70 yillik yubileyini o‘tkazish uchun viloyat budjeti zaxira mablag‘lari hisobidan 150 mln so‘m ajratdi. Shavkat Abdurazzoqovning bu haqdagi farmoyishiga bloger Zafarbek Solijonov e’tibor qaratdi.
Hujjatga ko‘ra, viloyat Madaniyat boshqarmasining xati inobatga olinib, san’atkorning 70 yilligiga bag‘ishlangan konsert dasturi munosabati bilan Namangan shahridagi “Navbahor” tantanalar majmuasida bayram dasturxoni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Tadbirni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarga viloyat budjeti zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 150 mln so‘m mablag‘ ajratilgan.


E’tiborlisi, sozanda va bastakor, 1990 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvonini olgan Abduhoshim Ismoilov 1952 yil 9 iyunda Farg‘ona viloyatining Quva tumanida tavallud topgan.
Iyun oyida san’atkor 71 yoshni qarshi oladi. 70 yoshga kirganiga qariyb 1 yil bo‘layotgan san’atkorning “70 yillik yubileyi”ga mahalliy budjetdan mablag‘ ajratish Namangan viloyati hokimiga nega kerak bo‘lib qoldi?
Qolaversa, Shavkat Abdurazzoqovning bu “saxiyligi” – Ismoilovning tug‘ilgan kunini nishonlash bo‘yicha xalqning cho‘ntagidan pul ajratish bilan bog‘liq uchinchi holat.
Abduhoshim Ismoilovning 70 yilligi birinchi bor 2022 yilning iyun oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 29 apreldagi tegishli qarori bilan atoqli olimlar, madaniyat va san’at sohasi vakillarining yubiley sanalarini keng nishonlash hamda ular faoliyatini keng targ‘ib qilish dasturi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, 2022 yil iyun oyida Abduhoshim Ismoilovning 70 yilligi nishonlangan hamda tadbir Madaniyat vazirligining har yilgi madaniy tadbirlar uchun ajratilgan budjet mablag‘laridan moliyalashtirilgan.











