Prezident Yangi Toshkentda yangi loyihalar qurilishiga start berdi
Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda bunyod etilgan inshootlarni ishga tushirish va yangi loyihalar qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, barpo etilayotgan Yangi Toshkentda birinchi bosqichning oʻzida 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Shaharda 2 ming gektar yashil maydon va 500 gektar istirohat bogʻlari tashkil etiladi. «Yashil qurilish standartlari» asosida 150 million kvadrat metr turar va noturar joy maydonlari barpo qilinadi.
Bugungi marosimda umumiy qiymati 1 milliard dollar boʻlgan yettita obyekt ishga tushirildi. Bular «Sharq bahori» turar joy majmuasining birinchi bosqichi, yoʻl va infratuzilma obyektlari, «Yangi Toshkent» 1-son nimstansiyasi, trigeneratsiya stansiyasi, Savdo-sanoat palatasi binosi, «Sohil bogʻi» istirohat bogʻi hamda 2 ming oʻrinli umumtaʼlim maktabidir.
Termizda onasining mashinasini boshqargan oʻsmir ayanchli «avariya»ga uchradi
Surxondaryo viloyati, Termiz tumanida maktab oʻquvchisi mashina boshqarib, mudhish yoʻl-transport hodisasiga uchradi.
Hodisa 9-oktabr kuni tunda sodir boʻlgan. 16 yoshli oʻsmir onasiga tegishli Cobalt mashinasini Termiz tumani hududida katta tezlikda boshqarib, yoʻl oʻrtasidagi yoritish chirogʻi ustuniga urilgan. Mashinada uning sinfdosh doʻsti ham boʻlgan, u ogʻir jarohatlanib, hodisa joyida halok boʻlgan.
Mashinani boshqargan oʻsmir shifoxona jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Yangi Toshkent hududlari viloyatlarga taqsimlab beriladi
Yangi Toshkentdan poytaxtning har bir tumaniga 100 gektardan hudud biriktirildi. Tuman hokimlari oʻz tadbirkorlari bilan ishlab, ushbu maydonlarga yangi loyihalarni jalb qilishi kerak.
Xuddi shunday imkoniyat mamlakatning qolgan 13 ta hududiga ham beriladi. Bu maydonlarda amalga oshirilgan investitsiyalar tegishli hudud yoki poytaxt tumanining koʻrsatkichlarida hisobga olinadi.
Biriktirilgan maydonlardagi yer uchastkalari boʻyicha birinchi auksion faqat oʻsha hudud yoki tuman tadbirkorlari uchun oʻtkaziladi.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga chet el investorlarini Yangi Toshkentdagi imkoniyatlar bilan kengroq tanishtirish vazifasi topshirildi.
Toshkentda davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar xatlovdan oʻtkaziladi
Toshkent shahrida davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar xatlovdan oʻtkaziladi. Poytaxt hokimining qarorida belgilanishicha, xatlovda kasallangan, zararlangan, qurigan, inson hayoti va sogʻligʻi, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga tahdid solayotgan daraxtlar soni, turi, holati, yoshi, geografik joylashuvi va boshqa parametrlari hisobga olinadi.
Xatlov oʻtkazish va ularning reyestrini shakllantirish boʻyicha shahar ishchi guruhi tuziladi.
Xatlov davomida davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan, tabiiy omillar va zararkunandalar taʼsirida kasallangan, zararlangan, qurigan, insonning hayoti va sogʻligʻi, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga tahdid solayotgan daraxtlar aniqlanganda ular belgilangan tartibda ruxsatnoma olingan holda kesiladi.
Vazirliklarni Yangi Toshkentga koʻchirish boshlanadi
Prezident Yangi Toshkentda ishbilarmonlik hayotini shakllantirishda davlat idoralarining koʻchishi muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.
Hozir Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari yangi shaharda yengil konstruksiyali binolarda ishlamoqda. Vazirlik va idoralarning 2,6 ming nafar xodimi uchun yana toʻqqizta bino qurilyapti.
Qolgan vazirlik va davlat tashkilotlarining koʻchishini boshlash vazifasi bosh vazirga yuklatildi.
Yil oxirigacha Yangi Toshkentda 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu kamida 70 ming kishi uchun yashash muhitini yaratadi.
Prezident aholiga uylar bilan bir vaqtda dam olish, sport, savdo, taʼlim va tibbiyot xizmatlari ham zarur boʻlishini qayd etdi.













