18-19 fevral kunlari AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken CBC telekanaliga bergan intervyusida Vashingtonda Xitoyning Rossiya armiyasi ehtiyojlari uchun halokatli bo‘lmagan qurollar yetkazib berayotgani haqida ma’lumotlar borligini aytdi. Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonda Pekin halokatli vositalar, ya’ni qurollar va o‘q-dorilar yetkazib berishi mumkinligi bo‘yicha ham taxminlar mavjud.
«Biz buni diqqat bilan kuzatmoqdamiz. Hozircha biz Xitoy kompaniyalarini ko‘rdik. Xitoyda esa xususiy va davlat kompaniyalari o‘rtasida haqiqiy farq yo‘q. Va bu kompaniyalar, bizning ko‘rishimizcha, Rossiyaga Ukrainada ishlatish uchun halokatli bo‘lmagan vositalar yetkazib bermoqda. Va bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, xitoyliklar Rossiyaga halokatli qurollar yetkazib berish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda. Biz bu qadam biz uchun va aloqalarimiz uchun jiddiy muammo keltirib chiqarishi haqida ularga aniq tushuncha berdik», degan Blinken.
20 fevral kuni Xitoy hukumati Blinkenning bu da’volarini yolg‘on deb atadi.
«Biz Qo‘shma Shtatlar Xitoy-Rossiya munosabatlarini tanqid qilishiga yoki hatto bosim o‘tkazishiga hech qachon rozi bo‘lmaymiz», degan Van I Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida Blinken bilan o‘tgan uchrashuvda.
Xitoyning «Sinxua» agentligi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakilining Moskva va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar «qo‘shilmaslik, qarama-qarshilikka bormaslik va uchinchi tomonga yo‘naltirmaslik tamoyillariga asoslanadi» degan gaplarini keltirgan.
Xitoy yetakchisi Si Jinping Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ittifoqchisi deb ko‘riladi va u Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini to‘g‘ridan to‘g‘ri qoralamagan. Biroq rasmiy Pekin bu mojaroda betaraf qolishni ma’qul ko‘rdi, ammo ochiqchasiga Rossiyani yadroviy tahdidlardan tiyilishga chaqirdi.
Myunxen konferensiyasi chog‘ida Blinken Xitoyning Rossiyaga aynan qanday yordam ko‘rsatishini nazarda tutganiga aniqlik kiritmadi. Biroq, Pekin Moskvaga aynan nimani yetkazib berishi mumkinligi haqidagi savolga javoban, Blinken bu qurol va o‘q-dorilar bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Titanikka chipta
Avvalroq AQSh Baxmut hududida shiddatli janglar olib borayotgan Rossiyaning «Vagner» kompaniyasiga sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini taqdim etgan Xitoy kompaniyasiga nisbatan sanksiyalar kiritgandi.


















