Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hafta davomida havo harorati asta-sekin ko‘tariladi
O‘zbekistonda hafta davomida havo asta-sekin isib, harorat kunduzi +22 darajagacha yetadi. 27−28 fevral kunlari tog‘larda qor ko‘chishi xavfi bor. 3 martda esa Kavkaz hududlaridan biroz nam havo kirib kelishi hisobiga ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi.
O‘tgan hafta oxirida qisqa muddatga sovuqni olib kelgan sovuq havo massasi O‘zbekiston hududidan shiddat bilan chekinmoqda.
«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, bugun kunduz kuni respublika bo‘yicha kam bulutli va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunning o‘rtasiga borib, havo +12...+15 darajagacha isiydi.
28 fevral va 1–2 mart kunlari O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim tumanlarida 2 mart kuni ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va 2 martda kechasi +2...+7 darajani, kunduzi +17...+22 darajani tashkil etadi.
Respublikaning tog‘li hududlarida 27–28 fevral kunlari qor ko‘chishi xavfi bor.
3 martda respublika hududiga Kavkaz hududlaridan biroz nam havo kirib kelishi kutilmoqda. Respublika hududi bo‘yicha bulutlilik kuchayadi, tog‘oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, baland tog‘larda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Kunduzgi harorat biroz pasayadi va +12...+17 darajani tashkil etadi.
2–3 mart kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15–20 metr/soniyagacha kuchayishi kutilmoqda.
Poytaxtda 27-28 fevral va 1-2 mart kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 metr/soniya tezlikda esadi. Havo harorati bugun kunduzi +11...+13 daraja bo‘ladi, so‘ng harorat asta-sekin ko‘tariladi va 2 mart kuni +19...+21 darajani tashkil etadi.