
14 mart kuni AQSh harbiylari Qora dengiz osmonining bataraf qismida MQ-9 Reaper razvedkachi droni rossiyaliklarning Su-27 qiruvchisi bilan to‘qnashuv oqibatida suvga qulaganini ma’lum qilgandi. Rossiya mudofaa vazirligi to‘qnashuv faktini inkor etgan va dron transpondyorini o‘chirgan holda annexia qilingan Qrim tomon uchganini ma’lum qilgandi.
Chorshanba kuni Qora dengiz ustidagi hodisa munosabati bilan Amerika va Rossiya harbiy idoralarining yuqori martabali vakillari o‘rtasida ikki bor telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar ikki mamlakat mudofaa vazirlari Lloyd Ostin va Sergey Shoygu, shuningdek shtab boshliqlari Mark Milli va Valeriy Gerasimov o‘rtasida o‘tkazilgan.
Rossiya mudofaa vazirligi Shoygu va Ostin Qora dengiz ustida ro‘y bergan hodisani muhokama qilgani haqida xabar bergan. Shu bilan birga, TASS nashri yozishicha, rossiyalik vazir bu hodisa RF tomonidan «maxsus amaliyot» munosabati bilan e’lon qilingan parvozlarni cheklash hududiga rioya etilmagani, shuningdek, Rossiya manfaatlariga qarshi razvedka faoliyati kuchaytirilgani tufayli ro‘y berganini aytgan. Shoygu AQSh dronlarining Qrim sohillari yaqinidagi parvozlari «provokatsiya xususiyatiga ega bo‘lib, vaziyat keskinlashuvi uchun sharoit yaratishi»ni ta’kidlagan.
Ostin, o‘zining versiyasiga ko‘ra, Shoyguga «AQSh xalqaro huquq ruxsat beradigan barcha joyda parvoz qilishda va ishlashda davom etishi, o‘z harbiy samolyotlarini professional va xavfsiz boshqarish esa - Rossiya zimmasidaligi»ni aytgan (iqtibos Reuters agentliginiki).
Davlat departamenti rasmiysi Ned Prays esa AQSh boshqa mamlakatlar qatori Qrim Rossiya tomonidan noqonuniy ravishda annexia qilingan deb bilishi va bu hudud Ukrainaniki deb tan olishini eslatib o‘tdi.
Dron parchalarini chiqarib olish mumkinmi?
Bu vaqtda esa RF harbiylari MQ-9 Reaper qoldiqlarini Qora dengiz tubidan chiqarib olishga harakat qilmoqda. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev Rossiya davlat televideniyesiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

«Men biz bunga erisha olamizmi, yo‘qmi, bilmayman. Ammo buni qilish kerak va bu bilan albatta shug‘ullanamiz. Umid qilamanki, muvaffaqiyatga erishamiz», degan Patrushev.

















