“Mana shu go‘zal va hayajonli damlarda muazzam “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida turib, siz, qadrdonlarimni, ko‘pmillatli butun xalqimizni ulug‘ ayyom – Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklayman. Bugun bepoyon Vatanimizning voha va vodiylari, shahar va qishloqlari, bog‘ va maydonlarida el-yurtimiz katta shod-u xurramlik bilan Navro‘z sayillarini o‘tkazmoqda. Qalblarimiz quvonchga to‘lib turgan ushbu dilbar lahzalarda keksayu yosh jamiki yurtdoshlarimizni chin dildan qutlab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman”, dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston g‘oyasi – bu 36 millionli katta xalqning azm-u qarori, uning hayot mazmunidir. Bu olijanob maqsad Navro‘zi olam falsafasi va qadriyatlari bilan g‘oyat uyg‘un va hamohangdir. 

“Inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini amalda ta’minlash, barcha shahar va tumanlar, olis va chekka hududlar aholisi uchun munosib sharoit yaratib berish, oddiy qilib aytganda, xalqimizni rozi qilish – mana, bizning bosh maqsadimiz”, dedi prezident. 

Qayd etilishicha, shu ezgu yo‘lda iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni har tomonlama rivojlantirish, ilm-fan, ta’lim va tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sog‘lom turmush tarzi va sport, ona tabiatni asrash kabi yo‘nalishlarda boshlagan katta-katta dasturlar jadal davom ettiriladi.

“Hayotimizni yanada go‘zal va obod qilishda biz mo‘tabar otaxon va onaxonlarimizdan, ularning dono maslahatlari va duoi fotihalaridan kuch-quvvat olamiz. Milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida mardona mehnat qilayotgan hurmatli aka-ukalarimiz, aziz opa-singillarimizga – butun xalqimizga ishonamiz va tayanamiz. Shu qutlug‘ ayyomda sizlarning har biringizga Vatan ravnaqi yo‘lida qilayotgan munosib xizmatingiz uchun qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, chin yurakdan tashakkur bildiraman.

Siz, azizlar oldimizda turgan muhim siyosiy tadbirda ham yuksak siyosiy tafakkur va madaniyatingizni namoyon etib, erishgan yutuqlarimizni mustahkamlash, islohotlarimizni qat’iy davom ettirish uchun puxta huquqiy asos yaratishga o‘z hissangizni qo‘shasizlar, deb ishonaman. Mana shu betakror lahzalarda ko‘klamning har bir kuni, har bir soatini g‘animat bilib, dalasiga yo‘l olayotgan mirishkor dehqon va fermerlarimizga eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz. Bugun katta orzu-umidlar bilan saflarimizga kirib kelayotgan navqiron o‘g‘il-qizlarimizni – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini barchamiz samimiy olqishlab, ularga baxt va omad tilaymiz.