Ularning fikricha yangilanayotgan konstitutsiya qabul qilingach, uning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashi bo‘yicha aniq mexanizmlar ham ishlab chiqilgan.

Intervyu davomida konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha shu kabi bir qator savollarga ekspertlar javob berishdi. Intervyu mehmonlari Jamoat xavfsizligi universiteti professori Surayyo Rahmonova, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsentlari Dildora Kamalova hamda Hayitjon Turdiyev bo‘ldi.

— Ijtimoiy tarmoqlarda hozir ham Konstitutsiyani o‘zgartirish kerak emas, degan fikrlarga ko‘zimiz tushyapti. Konstitutsiyani o‘zgartirish uchun qanday zarurat mavjudligini sodda va lo‘nda qilib aytib bera olasizlarmi? 

Hayitjon Turdiyev:

— Dunyodagi eng barqaror konstitutsiya AQShniki. Mualliflardan biri Tomas Jyefferson barcha jamoalar uchun umumiy bo‘lgan va doimiy amal qiladigan konstitutsiya yaratish imkonsiz, har bir avlod o‘z konstitutsiyasini yaratish huquqiga ega, degan fikrni aytgan. Dunyoda 200 ga yaqin amaldagi konstitutsiya bor va 65 ta yangi konstitutsiya qabul qilindi. AQSh konstitutsiyasi eng barqarori bo‘lgani bilan, har bir shtatida alohida ichki konstitutsiya bor va ularda o‘zgarishlar juda ham ko‘p. Fransiyaning konstitutsiyasida 24 ta o‘zgarish bo‘lgan. Eng muhimi shundaki, konstitutsiyaviy o‘zgarishlar davlat manfaatlaridan ko‘ra inson huquqlarining kafolatini kuchaytiryapti. Yangilanayotgan konstitutsiya loyihasida ham shunday o‘zgarishlarni ko‘ramiz.

Amaldagi konstitutsiyamizga shu kungacha 15 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Ularning asosiy qismi davlat boshqaruvi, prezident, hukumat va saylov tizimi bilan bog‘liq o‘zgarishlar edi. Endigi konstitutsiya o‘zgarishida 50 foizdan ortiq o‘zgarishlar inson huquqlari bilan bog‘liq. Davlat taraqqiyotning keyingi bosqichiga qadam qo‘ymoqchi bo‘lsa, yangi konstitutsiyaviy makonga ega bo‘lishni talab qiladi.

Surayyo Rahmonova:

— Ko‘plab islohotlar bo‘layotganini ko‘ryapmiz. Shu o‘zgarishlar faqat bugungi kun uchun emas, kelajakda ham davom etishi uchun ularning huquqiy asoslari konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi kerak. Vaqt o‘tishi bilan huquqiy erkinliklarga munosabat o‘zgarishi xavfi bor, shulardan xoli bo‘lish uchun ham konstitutsiyaviy islohotlarga ehtiyoj bor.