Peterburgdagi portlash va Konstantinovkaga raketa zarbalari. Urush suratlari
Ukrainadagi urushning 403-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Peterburgda «voyenkor» Vladlen Tatarskiyning ijodiy kechasi o‘tayotgan kafeda portlash ro‘y berdi. Tatarskiy halok bo‘lgan, yana 25 kishi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Dastlabki versiyaga ko‘ra, portlovchi qurilma o‘rnatilgan haykalcha kechaga kelgan mehmonlardan biri tomonidan Tatarskiyga berilgan.
- Anneksiya qilingan Melitopolda lokomotiv deposi Ukraina qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutildi. Olti kishi tan jarohati olgan.
- Rossiya qo‘shini Donetsk oblastidagi Konstantinovka shahrini o‘qqa tutdi. Tinch aholi vakillaridan olti kishi halok bo‘lib, yana 11 kishi yaralangan.
- Kursk oblastining chegaradagi Nikolayevo-Darino qishlog‘ida yetti kishi ukrainalik harbiylar zarbalaridan jabrlangan.
- AQSh davlat kotibi Entoni Blinken rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Urush davrida bunday kontakt kamdan kam uchraydi. Blinken Wall Street Journal nashrining Rossiyada hibsga olingan jurnalisti Evan Gershkovichni zudlik bilan ozod etishni talab qilgan. Bunga javoban Lavrov josuslik ishini siyosiylashtirmaslikni so‘ragan.
Peterburgda «voyenkor» Vladlen Tatarskiyning o‘limi
2 aprel kuni kechqurun Peterburgdagi Street Food Bar № 1 kafesida portlash ro‘y berdi. Bir kishi halok bo‘lib, 25 kishi jarohatlangan, shundan 19 kishi shifoxonaga yotqizilgan. «Fontanka»ga ko‘ra, kafe avval «Vagner» asoschisi Yevgeniy Prigojinga tegishli bo‘lgan. Dam olish kunlari bu yerda «Kiberfront Z» munozara klubi a’zolari yig‘iladi, 2 aprel kuni kafeda «voyenkor» Vladlen Tatarskiyning (haqiqiy ismi-sharifi — Maksim Fomin) «ijodiy kechasi» tashkillashtirilgan. Bundan tashqari, marosimga Prigojinning o‘zi ham kelishi ehtimoli bo‘lgan.
Tatarskiy halok bo‘ldi. «Fontanka» xabariga ko‘ra, kafeda gipsdan ishlangan byust portlagan, uni «voyenkor»ga mehmonlardan biri sovg‘a sifatida keltirgandi. Sovg‘a berilganidan besh daqiqa o‘tib portlash ro‘y beradi — sovg‘ani olib kelgan qiz esa bungacha kafeni tark etib ulgurgan. Huquq-tartibot organlari 3 aprel kuni Peterburgda Tatarskiyning o‘limida gumonlab, 1997 yilda tug‘ilgan Darya Trepovani qo‘lga oldi.
Rossiya propagandachilari hodisada «ukrain terrorchilari»ni aybladi. Bunga javoban Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak portlash «ichki siyosiy kurash»ning namoyon bo‘lishi hisoblanishini aytdi.
Konstantinovkaga zarba
2 aprel kuni Rossiya qo‘shini Donetsk oblastining Konstantinovka shahriga zarba yo‘lladi. Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak bergan ma’lumotga ko‘ra, tinch aholi vakillaridan olti kishi halok bo‘lib, yana 11 kishi yaralangan. «16 ta ko‘p kvartirali uylar, sakkizta xususiy uy, bog‘chalar, Konstantinovka davlat soliq inspeksiyasi binosi, gaz quvurlari, uchta avtomobil shikastlangan», — deya yozadi Yermak telegram-kanalida.
Xarkiv oblastidagi ukrain vertolyotchilari
Xarkiv oblastida harbiy harakatlar davom etmoqda. Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovga ko‘ra, 2 aprel kuni Kupyansk, Xarkiv, Chuguyiv va Izyum rayonlarining chegaraga yaqin joylashgan shahar va qishloqlari o‘qqa tutilgan. Xususan, zarbalar oqibatida Kupyanskda 65 yoshli ayol yaralangan.
Bundan tashqari, Sinegubovning qayd etishicha, oblastda minalardan tozalash ishlari davom ettirilmoqda. Bir kun ichida ukrain sapyorlari ikki gektar hududni tekshirib chiqishgan va 47 ta portlovchi predmetni zararsizlantirishgan.
Mavzuga oid
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
17:00 / 09.11.2024
The Telegraph: Tramp rejasi Britaniya qo‘shinlarini Ukraina chegarasiga joylashtirishni nazarda tutadi
11:08 / 09.11.2024
563 nafar harbiyning jasadi Ukrainaga qaytarildi
09:08 / 09.11.2024