3 aprel kuni project.gov.uz portalida Madaniyat va ma’rifat telekanalini «Karvon» telekanaliga aylantirish haqidagi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyihaga ko‘ra, MTRK tarkibidagi «Madaniyat va ma’rifat» telekanali «Karvon» nomi bilan qayta nomlanib, Madaniyat va turizm vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi belgilangan.

Shuningdek, unda vazirlik tasarrufiga o‘tadigan telekanalning MTRK moddiy-texnik bazasidan foydalanish imkoniyatini ham o‘zida to‘liq saqlab qolishi ko‘rsatilgan.

Bu loyiha ziyolilar va boshqa faollar tomonidan norozilik bilan kutib olindi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab foydalanuvchilar o‘z e’tirozlarini yozib qoldirishmoqda.

Kun.uz faollar bildirayotgan fikrlarni qisqartirgan holda jamladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq «nomida madaniyat so‘zi ishtirok etgan telekanalni yo‘qotish Madaniyat va turizm vazirligiga obro‘ olib kelmasligi»ni aytadi.

Nodir Jonuzoq

«Biz «Karvon»ga qarshi emasmiz (garchi uning asosiy vazifalarida adabiy hayotni yoritish belgilanmagan bo‘lsa ham), lekin u «Madaniyat va ma’rifat» karvoni o‘rniga yo‘lga tushmasin. Qolaversa, nomida «madaniyat» so‘zi ishtirok etgan telekanalni yo‘qotish Madaniyat va turizm vazirligiga obro‘ olib kelmasa kerak, deb o‘ylaymiz», – deb yozdi shoir o‘z feysbuk sahifasida.

Shoir Shodmonqul Salom «yangi kanal ochish kerak bo‘lsa, nega u odamlar saviyasini tushirayotgan boshqa turli kanallar o‘rnida emas, aynan Madaniyat va ma’rifat o‘rnida tashkil etilishi kerak», deya savol qo‘ygan.

Shodmonqul Salom

«Karvon» telekanalini tashkil etish zarur bo‘lsa, nega «Madaniyat va ma’rifat» telekanalini qurbon qilish evaziga bu hodisa sodir bo‘lishi kerakligi meni ajablantirdi. Agar shunday qilish lozim bo‘lsa, yangi telekanal ochish yoki saviyasizlik va madaniyatimizni yerga urishgagina xizmat qilayotgan boshqa kanallar hisobiga buni amalga oshirish mumkin. Ha, rostdan ham shunday qilish hukumat uchun juda oson va xalq uchun foydaliroq», – deb yozgan u.