Ammo bu safar shu odatimizga o‘zgartirish kiritgan holda o‘tgan hafta muhokamasi boshlangan va hozirga qadar to‘xtamayotgan ikki mavzu atrofida gaplashamiz.

15 sutkaga qamalgan “ACTIVIST” va “Karvon”ga aylanayotgan Madaniyat va ma’rifat telekanali.

Intervyu mehmonlari Advokat Ruslan Sodiqov, siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov va san’atshunos Iqbol Qo‘shshayeva bo‘ldi.

— Ruslan aka, “ACTIVIST” loyihasi muallifi, bloger Hojiakbar Nosirovning qamalishi ishi tafsilotlaridan xabardormisiz yo kuzatayotganingiz yo‘qmi bu voqeani?

Ruslan Sodiqov:

— Kuzatyapman. Tabiiyki, savollar mavjud.

— Demak, umuman olganda bu ishni kuzatib boryapsiz, to‘g‘rimi?

Ruslan Sodiqov:

— Ha.

— Yuqorida aytganimdek, bugun blogerning qamalishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, huquqshunos, advokat sifatida blogerning qamalishi holati bo‘yicha sizda ham qandaydir tushunmovchilar bormi yo hammasi qonuniy yakun topdimi?

— Lekin sudda javobgarlikka tortilgan moddalarni ko‘rgach, taajjubga tushdim. Diniy adovat qo‘zg‘atgani uchun, deb keltirilgan. Bu ayblovni asossiz deb bilaman. Huquqiy tomondan zarar yetkazilgan obekt aniq bo‘lishi kerak. Diniy adovat qo‘zg‘atish deganda, deylik, ikki din vakillari o‘rtasida kelishmovchilik chiqarishga sabab bo‘lishi lozim. Harom deyishlik yeyishga yaroqsiz, zararli degan ma’noda ishlatiladi. Diniy adovat qo‘zg‘atish degan narsa yo‘q bu yerda. Umuman, dinga bog‘lab ayblov qo‘yish va qamab qo‘yish — asossiz. Bundan tashqari, 194-moddani ham qo‘shishgan. Oldin ham bir necha marta aytganimdek, bu modda «navbatchi» modda bo‘lib qolgan. Oldin buning tartibini belgilab chiqish kerak, har qanday holatga bu moddani taqayverish noto‘g‘ri. Avvalo huquq organi xodimining talabi qonuniy bo‘lishi kerak.

— Deylik, bu ish doirasida o‘sha yogurt ishlab chiqaradigan brend egasi - tadbirkor zarar ko‘rgan ham deylik. Blogerga ish ochilishi, sud bo‘lishi uchun o‘sha tadbirkorning o‘zi ko‘rgan zarari sabab bloger bilan fuqarolik tartibida sudlashishi va suddan zararni qoplashni talab qilishi kerak emasmidi. Lekin sudga bermagan-da blogerni o‘sha tadbirkor. Ya’ni ishda zarar ko‘rgan kishi yo‘q-ku bu yerda?