Jahon | 10:43 / 22.04.2023
9487
2 daqiqa o‘qiladi

Parij sudi kanadalik professorga 1980 yildagi terakt uchun sirtdan hukm chiqardi

Kanadalik professor Hasan Diab 1980 yilda Parijdagi sinagogadagi portlashda ayblanib, sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.

Foto: AFP

Parij sudi Ottava universiteti professori, asli kelib chiqishi livanlik bo‘lgan 69 yoshli Kanada fuqarosi Hasan Diabni 1980 yil 3 oktyabrda Parij sinagogasida yuz bergan portlashda aybdor deb topib, sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda 21 aprel, juma kuni Kanadaning CBC telekanali o‘z saytida xabar berdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Diab sinagogaga kiraverishda bomba qo‘ygan. Portlash binoda 300 ga yaqin odam kelganida sodir bo‘lgan. Hujum natijasida to‘rt kishi hayotdan ko‘z yumgan – uch nafar fransuz va bir isroillik, yana 47 nafar odam yaralangan. Bu hujum Fransiyada Ikkinchi jahon urushidan keyin sodir bo‘lgan birinchi yirik antisemit hujumi bo‘lgan, deb hisoblanadi. 

Hukm e’lon qilinganidan keyin Ottavada jurnalistlar bilan suhbatda Diab vaziyatni "kafkiancha" deb ta’rifladi. Professor advokatlarining ta’kidlashicha, u hodisa vaqtida Livanda bo‘lgan va xato tufayli shubha ostiga tushgan.

Germaniyaning dpa agentligi qayd etishicha, Fransiyada Hasan Diabni ekstraditsiya qilish talabi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin. 2008 yilda u xuddi shu ish bo‘yicha Fransiya iltimosiga binoan Kanadada hibsga olingan va 2014 yilda Fransiyaga ekstraditsiya qilingan. Diab u yerda 2018 yilning boshigacha qamoqda edi, o‘shanda ikki fransuz sudyasi dalillar yo‘qligi sababli uni ozod qilish haqida buyruq bergan. Kanadalik hech qachon rasman ayblanmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid