O‘zbekiston | 18:28 / 01.05.2023
5743
2 daqiqa o‘qiladi

Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qoidalari belgilandi

Hukumat qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi to‘g‘risida»gi nizom qabul qilindi.

Foto: KUN.UZ

Nizomga ko‘ra, jumladan, quyidagilar favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining (FVDT) asosiy vazifalari hisoblanadi:

- respublikada ro‘y berishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni prognoz qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini baholash;

- aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish yuzasidan maqsadli va ilmiy-texnik dasturlarni hamda tadbirlarni rejalashtirish va amalga oshirish.

Prognoz qilingan yoki ro‘y bergan favqulodda vaziyatning ko‘lami va holatiga qarab FVDT muayyan hududda quyidagi rejimlardan birida faoliyat yuritadi:

- kundalik rejim – muayyan hududda, obektda favqulodda vaziyatlar ro‘y berishi xavfi mavjud bo‘lmaganda;

- yuqori tayyorgarlik rejimi – favqulodda vaziyatlar ro‘y berishi xavfi mavjud bo‘lganda;

- favqulodda vaziyat rejimi – favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda va favqulodda vaziyatlar davrida.

FVDT faoliyatining yuqori tayyorgarlik va favqulodda vaziyat rejimlari ro‘y bergan favqulodda vaziyatning turiga qarab Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining, shuningdek tegishli obektlar rahbarlarining qarorlari bilan joriy etiladi.

Favqulodda vaziyat rejimida jabrlangan aholiga moddiy yordam ko‘rsatish, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish bo‘yicha tadbirlar amalga oshiriladi.

Mavzuga oid