Britaniyadagi Sunday Times nashri Rossiya bo‘yicha ekspert hamda 20 dan ortiq kitoblar muallifi bo‘lgan professor Mark Galeottining maqolasini e’lon qildi. Unda qayd etilishicha, Ukraina armiyasi va siyosatchilarning xohish-istaklariga qaramay, bo‘lajak yurish, katta ehtimol bilan sezilarli natijalarga olib kelmaydi - ammo uni ortga surish, jumladan, siyosiy sabablarga ko‘ra tobora qiyin bo‘lib bormoqda.

Galeottining qayd etishicha, ukrainalik harbiylar bilan ishlagan britaniyalik zobitlar o‘z hamkasblaridagi qat’iylik haqida aytishgan. Boshqa tomondan, Amerika razvedkasining sizdirilgan ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina kichik hududiy yutuqlardan tashqari kattaroq narsaga erishishi dargumon.

«Ukrain harbiylari hozirga qadar nafaqat mahorat va qat’iyatni, balki tasavvurdagilarni ham namoyon etgan», deya yozadi muallif Ukraina armiyasining birinchi bosqichdagi mudofaa muvaffaqiyatlarini qayd etgan holda.

Ukrainlar, masalan, Xarkiv yo‘nalishidagi yurish vaqtida rossiyaliklarni operativ va strategik darajada dong qoldirishga muvaffaq bo‘lishgandi. O‘shanda Moskvaning e’tibori janubga qaratilganida, ular rus qo‘shinlari siyrak joylashgan yo‘nalishda zarba berib, bir oy ichida 12 ming kvadrat kilometrdan ortiq hududni qaytarib olgandi.

Kiyevning muammolari

Ammo, ukrainlar g‘arbning yangi va ta’mirdan chiqqan 230 ta tanki hamda 1550 ta zirhli mashinalarini tezda o‘zlashtirgan bo‘lsa-da, ularda hamon istalgan yirik yurish amaliyoti uchun kerak bo‘lgan havo hujumidan mudofaa tizimi yetarli emas. Shuningdek, g‘arbdagi ekspertlarning katta komandirlar yangi tizimlarga va ularni boshqaruvchi askarlarga moslasha olishiga ishonchi komil emas.

Ukrain harbiylari bir necha oydan buyon g‘arb tanklari, xususan, Britaniyaning Challenger II tanklaridan foydalanishni o‘rganmoqda. Foto: Getty Images

«Shunga qaramay, Kiyevda bahor yoki yozda yirik hujum boshlashdan boshqa real tanlov yo‘q. Uning rahbarlari o‘zlarini borgan sari tor doira ichida qoldirmoqda, - deb hisoblaydi Galeotti. - Prezident Zelenskiy G‘arbni mohirlik bilan boshqaradi, ammo qo‘llab-quvvatlovni saqlab qolish uchun u Vashingtondagi insayderlar «investitsiyalarning qaytishi» deb ataydigan narsani ko‘rsatishi kerak».