O‘zbekiston | 17:32 / 03.05.2023
16807
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston matbuot erkinligi reytingida 137-o‘ringa tushdi

“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkilotining matbuot erkinligi indeksida O‘zbekiston bir yil oldingiga qaraganda 4 pog‘onaga pasayib, 137-o‘ringa tushdi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistonda OAV erkinligi bilan bog‘liq vaziyat og‘irligicha qolmoqda.

Foto: "Chegara bilmas muxbirlar"

“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro nodavlat tashkiloti 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni arafasida har yillik an’anaviy matbuot erkinligi indeksini e’lon qildi. 2022 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingda O‘zbekiston 4 pog‘onaga pasayib, 180 davlat orasida 137-o‘rinni egallagan.

Xalqaro kuzatuvchilar 2022 yil bo‘yicha O‘zbekistondagi OAV erkinligi holatini 100 balldan 45,73 ballga baholagan.

Indeksda O‘zbekistonning o‘rni siyosiy indikator bo‘yicha 3 pog‘onaga, iqtisodiy va ijtimoiy indikatorlar bo‘yicha esa 9 pog‘onaga yomonlashgan. Mamlakatning umumiy reytingdagi o‘rni 4 pog‘onadan ham ko‘proqqa pasayib ketmasligini huquqiy indikatordagi 16 pog‘onaga o‘sish ta’minlagan.

“2016 yilda prezident Islom Karimovning o‘limidan keyin ommaviy axborot vositalari uchun vaziyat birozgina yaxshilangan, davlat hokimiyatini tanqid qilish qiyinligicha qolmoqda”,deyiladi hisobotda.

“Chegara bilmas muxbirlar” O‘zbekistondagi vaziyatni tasvirlar ekan, davlat OAV va hukumat bilan aloqalarga ega bir necha blogerlarni “sezilarli darajada nazorat qilishi”, muxolifat esa taqiqda ekanini qayd etgan.

“Rasmiylar OAVga oid repressiv qonunlarga barham beruvchi islohotlarni hali amalga oshirmadi. Nazorat, senzura va o‘z-o‘zini senzura qilish keng tarqalgan”, – deya ta’kidlaydi kuzatuvchilar.

Ularga ko‘ra, rasmiy shaxslar jurnalistlarga iqtisodiy bosim o‘tkazishga yoki ularni sotib olishga harakat qiladi. Aholining 60 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etuvchi mamlakatda ijtimoiy tarmoqlar rasmiy OAVda kam yoritiladigan korrupsiya muammosi haqida axborot almashiladigan maydonga aylangan, deya bayon qilgan “Chegara bilmas muxbirlar”.

Hisobotda bloger Otabek Sattoriy qamoqda qolayotganiga ham e’tibor qaratilgan. U 2021 yil may oyida tuhmat va tovlamachilikda ayblanib, 6,5 yilga hukm qilingan edi. Keyinroq apellyatsiya sudining qarori bilan bloger tovlamachilik orqali qo‘lga kiritganlikda ayblangan ikkita kvartira unga qaytarib berildi, lekin jazo o‘zgarishsiz qoldi. Human Righs Watch xalqaro nodavlat tashkiloti hukmni O‘zbekistondagi “so‘z erkinligiga berilgan zarba” deb atagandi.

Foto: "Chegara bilmas muxbirlar"

Matbuot erkinligi indeksi nafaqat O‘zbekiston, umuman mintaqada so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashayotganini ko‘rsatmoqda. Markaziy Osiyodagi eng erkin mamlakat deya ko‘rsatiladigan Qirg‘iziston reytingda 72-o‘rindan 122-o‘ringa – birdaniga 50 pog‘onaga qulagan. Qozog‘iston esa 12 pog‘onaga pastlab, 134-o‘ringa tushgan. Tojikiston 153-o‘ringa tushib (-1), matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “o‘ta og‘ir” davlatlar qatoriga qo‘shilgan.

O‘zbekistonning atrofidagi boshqa aksariyat mamlakatlar – Turkmaniston, Afg‘oniston, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Ozarboyjon, Eron, Hindiston va Pokistonda ham OAV erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “o‘ta og‘ir” deb baholanmoqda.

Reytingda Rossiya 164-, Turkiya 165-o‘ringa tushib qolgan. Xitoyning pozitsiyasi esa minimumgacha tushib, 180 davlat orasida 179-o‘rinda qayd etilgan. Hisobot mualliflari Xitoyni “jurnalistlar uchun dunyodagi eng katta qamoq” deb ta’riflagan: bu yerda kamida yuz nafar jurnalist kasbiy faoliyati uchun qamoqda saqlanmoqda. Indeksning so‘nggi o‘rnida – KXDR.

2022 yil uchun Jahon matbuot erkinligi indeksida mamlakatlarning toifalarga bo‘linishi

Jurnalistlar eng erkin faoliyat yuritayotgan davlatlar sifatida Norvegiya, Irlandiya, Daniya, Shvetsiya, Finlandiya, Niderlandiya, Litva va Estoniya e’tirof etilgan.

OAV erkinligi bo‘yicha vaziyat faqat mana shu 8 ta davlatdagina “yaxshi” deb tan olingan. 44 ta mamlakatdagi vaziyat “qoniqarli”, 55 ta mamlakatda “muammoli”, 42 ta mamlakatda “og‘ir”, 31 ta mamlakatda esa “juda og‘ir” deb topilgan. Matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat global darajada yomonlashishi tendensiyasi bir necha yildan buyon davom etmoqda.

2022 yil uchun matbuot erkinligi indeksi

1. Norvegiya
2. Irlandiya
3. Daniya
4. Shvetsiya
5. Finlandiya
6. Niderlandiya
7. Litva
8. Estoniya
9. Portugaliya
10. Timor-Leste

45. AQSh
47. Janubiy Koreya
49. Armaniston
77. Gruziya
79. Ukraina

122. Qirg‘iziston
134. Qozog‘iston
137. O‘zbekiston
151. Ozarboyjon
152. Afg‘oniston
153. Tojikiston
157. Belarus
164. Rossiya
165. Turkiya

176. Turkmaniston
177. Eron
178. Vetnam
179. Xitoy
180. KXDR

Mavzuga oid