2021 yildayoq butunjahon mehnat migrantlarining o‘z vatanlariga jo‘natgan pullari miqdori 600 mlrd dollarga yaqinlashgan. O‘zbekistonda 2022 yilda bu ko‘rsatkich 13,5 mlrd dollar atrofida bo‘lib, yalpi ichki mahsulotning taxminan 17 foizini tashkil etgan. Biroq bir necha faktorlar borki, endi bu ko‘rsatkichni saqlab turish qiyin bo‘ladi:
1. O‘zbekistondan borayotgan mehnat migrantlari soni bo‘yicha ham, jo‘natilayotgan mablag‘lar bo‘yicha ham mutlaq yetakchi bo‘lgan Rossiya iqtisodiyoti murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Sanksiyalar, tabiiy boyliklarga bo‘lgan talab va narxlarning turli yo‘llar bilan pasaytirilishi, Ukraina bilan urush, faol qatlamning bu davlatni shitob bilan tark etishi kabi omillar Rossiyani cho‘ktira boshlagani bugun yaqqol ko‘rinmoqda.
Qolaversa, migrantlarga qo‘yilayotgan yangi-yangi talablar, qo‘shimcha to‘lovlar shundoq ham daromadi qisqarib borayotgan muhojirlarni yanada qiyin vaziyatga tushiradi. Bu hozirdanoq jo‘natmalarda o‘z aksini topgan, kelajakda o‘tkazmalar yanada kamayishi aniq bo‘lib turibdi.
2. Jahondagi umumiy vaziyat ham ko‘ngildagidek emas. Hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo iqtisodiyoti 2023 yilda yana bir cho‘kishni boshdan kechiradi. Bu esa boshqa davlatlardan kelayotgan oqimning ham tabiiy kamayishini anglatadi.
3. Dollarning qadrsizlanishi oshib bormoqda. O‘zbekistonga jo‘natilgan o‘tkazmalarning 90 foizdan ortig‘i AQSh dollarida amalga oshiriladi. Hatto oldingi ko‘rsatkichlar saqlanib qolgan taqdirda ham, u pulning kuchi oldingidek bo‘lmaydi. Oddiy tilda tushuntirganda, bir oilaga kirib kelayotgan 500 dollar oldin barcha xarajatlarga bemalol yetgan va yana jamg‘arishga ham ortgan bo‘lsa, endi yetmaydi. Hali bu 500 dollarni topish ham bor.
4. Yangi yo‘nalishlar o‘zlashtirilishi hali juda sust. Masalan, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Yaponiya, AQSh kabi badavlat, shu bilan birga ishchi kuchiga muntazam talab bor davlatlarga qonuniy borish juda cheklangan. Davlat organlarining bu boradagi harakatlari kutilgan samarani bermayapti, ishchilarimiz esa u davlatlarda qo‘yilgan talablarni ko‘pda bajara olishmayapti.















