Nima bo‘ldi?

AQSh defoltga yaqin — hokimiyat hech bir majburiyatini bajara olmay qolmoqda. Xususan, bunday holatda davlat qarzini so‘ndirish uchun ham pul topilmay qoladi.

Gap shundaki, 2023 yil yanvarida Amerika hukumati davlat qarzining yuqori chegarasiga yetib kelgan. Bu limitni ijroiya hokimiyat to‘siqsiz qarzlar olavermasligi uchun 1917 yildan buyon Kongress o‘rnatadi.

Xazinachilik budjet xarajatlarini soliq tushumlari va o‘z balansi qoldiqlari evaziga yopadi, aprel oyi oxirida u 300 mlrd dollarni tashkil etgan. Agar limit ko‘tarilmasa, budjetda pul tugab qolishi mumkin.

Defolt sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan «iks» kun — 1 iyun. Buni AQSh moliya vaziri Janet Yyellen aytib o‘tgan.

Janet Yyellen. Foto: The New York Times

O‘zi AQSh nima uchun qarz oladi?

Budjet taqchilligini yamash uchun: mamlakat hukumati 20 yildirki soliqlar va yig‘imlardan tushgan puldan ortiqroq xarajat qilib kelmoqda. So‘nggi marta profitsitli budjet Amerikada uzoq 2001 yilda bo‘lgan. O‘shanda davlat qarzi «bor-yo‘g‘i» 5,8 trillion dollar edi. Uning keyingi yillarda o‘sib borishi iqtisodiyotga katta mablag‘lar yotqizilishini taqozo etgan krizislar bilan bog‘liq.

2008–09 yillardagi jahon moliyaviy krizisi chog‘ida davlat qarzi hajmi 30 foizga o‘sgan, 2020-kovid yilida esa 19 foizga. Xususan, pandemiya boshlangach hokimiyat ishsizlik bo‘yicha kengaytirilgan nafaqa to‘lash, biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va boshqa rag‘batlantiruvchi omillar uchun 5 trillion dollar yo‘naltirgan.

Nominal jihatdan AQSh dunyodagi eng katta davlat qarziga ega. Lekin yalpi ichki mahsulot (YaIM)ga nisbatan solishtirilsa, vaziyat u qadar dramatik emas: u YaIMning 123,4 foizini tashkil etadi. Masalan, Yaponiyaning qarzlari YaIMning 256 foiziga teng.