Bu qaynoq chiqishlardan shunday xulosaga kelish mumkin: endi yuzing-koʻzing deb oʻtiradigan zamon oʻtdi, hamma aytar gapini dangal ayta boshladi, barcha pardalar koʻtarilgan. Netanyahu endi maydalashib oʻtirmay, Isroil davlatining iddaosini ochiq aytishga oʻtdi: «Yahudiylar Joʻlon tepaligida Muso paygʻambar davridan buyon yashaydi, buni Injildan oʻqib oling». Butun boshli dunyo minbaridan mana shunday nojiddiy iddao yangragani endi hech qanday muvozanat, hech qanday cheklab oʻtib boʻlmaydigan maʼnaviy chegara qolmaganini koʻrsatadi.
Bir davlat boshqa davlat yerlariga Tavrotda, Injilda, Qurʼonda yozilgan oyatlar boʻyicha daʼvo qilishi faqat yangi urushlar keltirib chiqarishi mumkin xolos. Muqaddas kitoblarni qoʻyaturaylik, yaqin tarixga aloqador birgina iddao Yevropa sharqidagi oxirgi 80 yildagi eng katta urushni boshlab berdi. Endi oʻylab koʻring, hamma tarix kitobini varaqlab, oʻz iddaolarini ilgari sursa, nima boʻladi?
Birgina Chingizxon yaratgan imperiya hozirgi qaysi davlatlar ustida hukmron boʻlganiga qarashning oʻzi kifoya. Yoki Makedonskiy avlodlari «Bizning bobomiz falon yerlarda ot choptirgan», deb chiqishi dunyoning oyogʻini osmondan qilish uchun yetarli. Hozir Netanyahu hukumati arablarni quvib, yerlarini bosib olishdan toʻxtamayotgan muqaddas yerlar kechagacha Usmonlilarga, Birinchi jahon urushidan keyin inglizlarga tegishli edi. Endi Netanyahu dunyo minbariga chiqib, hali u tugʻilmagan vaqtda Isroil degan davlat asos solinishi uchun Falastinni ikkiga boʻlib bergan BMTni bepisand qilib, sahnaga hizbullohchilarni portlatgan peyjerni koʻrsatmoqda. Bu dunyoda hech qanday maʼnaviy chegara qolmadi degan gapimizni isbotlaydi.
BMTda qaynoq hafta
Haftaning eng muhim voqeasi tabiiyki, Nyu Yorkda oʻtgan BMT sammiti boʻldi. Tashkilotga aʼzolar bunday yigʻilishlarga davlati muhim deb hisoblagan mavzularni koʻtarib boradi. Masalan, Oʻzbekiston prezidenti Islom Karimov 1998-yil BMT sammitida butun dunyoni Afgʻonistondagi nazoratsiz vaziyat global xavf ekani, bunday sharoitda terrorizm faol rivojlanishidan ogohlantirgandi.
2000-yil sentabrda marhum prezident Karimov Afgʻoniston boʻyicha ogohlantirishini yana Nyu Yorkdagi BMT sammitida turib takrorlaydi. Roppa-rosa bir yil oʻtib, 2001-yil sentabrda Karimov vaziyat izdan chiqqani haqida ogohlantirgan Afgʻonistonda turib tayyorlangan terakt orqali xuddi shu ogohlantirish yangragan shahar Nyu Yorkni portlatishgandi.
Karimov shubhasiz, katta siyosatchi edi, bunaqa katta minbarlarda qanday gapirishni yaxshi bilardi. Biroq ushbu haftadagi sammit yuqorida misol qilganimiz kabi mulohazali ogohlantirishlar bilan emas, alamzada nutqlar, ayblovlar, mantiqsiz iddaolar bilan yodda qoldi.
Kirish qismida toʻxtalganimiz – Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu nutq soʻzlashga chiqqanda 70 ga yaqin davlat delegatlari zalni tark etdi. Isroilliklar «zalni tark etganlar tashqariga chiqib, Bibining nutqini televizorda koʻrishgani» haqida hazil qilishdi. Lekin men bu nutqni jonli efirda diqqat bilan tomosha qildim. Uning askar chiqishlarini koʻrib boraman, chunki kimnidir kuzatmay turib tanqid qilish toʻgʻri emas. Netanyahu juda xarizmatik siyosatchi, inglizchada ham burro-burro gapiradi, uning inglizchasi nihoyatda tushunarli.
BMTdagi chiqishida Netanyahu hisob-kitob daftarini ochib, roʻyxat boʻyicha hammani diplomatchasiga soʻkib chiqdi. Turkiya prezidenti Erdoʻgʻanni zolim deb atab, «muxolifatchilarni oʻldirish, jurnalistlarni qamash, armanlar qirgʻinini tan olmaslikda» aybladi. Nyu York hokimi Mamdanini uni hibsga olishga chaqirgani uchun sharmanda dedi, «hokimning xotini HAMASning hujumi oqlangan postlarga like bosganini» aytishga ham ulgurdi. Fransiya va Britaniyani Isroil haqida yolgʻon tarqatishda aybladi. Xullas, hech kim qolib ketmadi. Oxirida zalda qolgan uch toʻrt kishini sergak torttirib, «Hizbulloh»ni mana shular bilan portlatgandik», deb choʻntagidan peyjer chiqardi.
Netanyahudan tashqari Ukraina prezidenti Zelenskiyning nutqi ham esda qolarli boʻldi. Ukraina prezidenti Rossiya yil boshidan buyon yoʻqotgan askarlari soni kichikroq davlat aholisiga teng ekanini aytdi, ruslar har bir egallangan km uchun 248 odam yoʻqotayotgani eslatdi, Putinni «urushni kattalashtirayotgan nolinchi raqamli bemor» deb atadi, yaʼni u – patient zero dedi. Tibbiyotda biror kasallik yoki virus tarqalishini boshlab bergan eng birinchi bemor shunday ataladi. Bu oʻxshatish bilan Putinni urush gʻoyasini tarqatuvchi deb koʻrsatdi.
Eron prezidenti Amerikada
BMT sammitidagi yana bir esda qolarli chiqish muallifi Eron prezidenti Masʼud Pizishkiyon boʻldi. Eron prezidenti sammitda noodatiy biror gap aytmadi, Amerika maktab bolalarini oʻldirgani, sportzalda bolalar oʻynayotganida bomba tushgani kabi oldin ham taʼkidlangan faktlarni takrorladi. Lekin Eronning ikkinchi raqamli odami Amerikaga borganining oʻzi qiziq voqea boʻldi. Amerika yil boshidan buyon Eron bilan urushib yotibdi, Tehronda oʻldirmagan siyosatchisi, diniy rahbari qolmadi. Lekin Eron prezidenti hech nima boʻlmagandek Amerikaga borib, Amerikani tanqid qilib nutq soʻzladi. Bu Amerika chindan sehrli diyor.
Rossiyada saylovlar
Aytgancha, hafta davomida Rossiyada parlament saylovlari natijasi eʼlon qilindi. Rasmiy hujjatlarga koʻra, rekord davomat bilan oʻtgan saylovda Putinning partiyasi rekord natija bilan gʻolib boʻldi. Boshqacha boʻlishi mumkin emasdi axir. Kreml uchun urush davrida parlament saylovlarini oʻtkazib olish muhim edi.
Toʻgʻrirogʻi, shunchaki saylov oʻtkazib, «Yedinaya Rossiya»ning katta farqdagi gʻalabasini koʻrsatish emas, urushga qarshi boʻlgan har qanday nomzod kamsitish darajasida past ovoz olganini «Rossiya 24» tomoshabinlariga koʻrsatish muhim edi. Yaxshimi-yomonmi, bir amallab shunday kartinani koʻrsata olishdi. Rossiya muxolifati «hukmron partiya aslida eʼlon qilinganidan ancha past ovoz olganini» aytib chiqmoqda, lekin buni isbotlab boʻlarmidi.
Xitoy raisi AQShga bordi
Hafta davomida Xitoy raisi Si Jinping ham AQShga bordi. Yoʻq, BMT sammitida nutq soʻzlash uchun emas, chinliklar bu tashkilot Xavfsizlik Kengashida boʻlsa ham, uni allaqachon jiddiy qabul qilmay qoʻygan. Si AQShga davlat tashrifi bilan bordi. Uni aerodromda shaxsan Tramp kutib oldi, shohona qabul oʻtkazdi, zoʻr ziyofat berdi. Lekin aytilayotgan bayonotlardan dunyoning ikki lideri qandaydir muhim kelishuvga erishganga oʻxshamaydi. Balki yopiq qandaydir kelishuv boʻlgandir, bunisini tez orada Amerika nashrlarining «razvedkadagi manbalaridan» bilib olamiz.
«Raketada boraman»
Endi eng shov-shuvli yangilikka keldik, feyk tarqatishni yaxshi koʻradigan sariq Telegram-kanallar chaqmoqcha belgisi bilan «tarqatvoringlar» deb yozsa arziydigan xabar. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaga borarkan! Faqat nyuans bor, raketada borar ekan. BMTda nutqini yakunlab chiqqan Zelenskiydan oʻsha yerdagi rossiyalik jurnalist «Qachon Rossiyaga borasiz?» deb soʻradi.
Zelenskiy baribir soʻz ustasi, boshqa mavzuda gaplashib ketayotgan bir vaqtda bir lahza oʻsha rossiyalik jurnalistga qaradi-da, «raketada» dedi. Yaʼni «Moskvaga raketada boraman», dedi. Rossiyalik propagandachi «Qachon Moskvaga borib taslim boʻlasiz?» deb Zelenskiyni mot qilib qoʻymoqchi boʻldi, lekin birgina soʻzdan iborat nihoyatda kuchli javob oldi. Bu kichik epizod bir oʻlmas haqiqatni yana bir bor eslatdi: dushmanni mensimaslik magʻlubiyat tomon tashlangan birinchi qadamdir. Omon boʻling.















