2023 yil may oyida Sorosning nomi OAVda sarlavhalarga chiqdi: mashhur milliarder vafot etgani ma’lum qilindi. Amerikalik tadbirkorni xushlamaydiganlar xursand bo‘lib ulgurmasdan, Sorosning o‘zi Twitter'da tirikligini yozdi.
Aslini olganda, uning o‘lganiga ko‘pchilik ishonib ham bo‘lgandi, chunki milliarder hozirda naq 92 yoshni «urib qo‘ygan».
Xo‘sh, Jorj Soros o‘zi kim?
Natsistlardan qo‘rqish sabab vujudga kelgan nom
Jorj Soros 1930 yilda Vengriyada, yahudiy oilasida dunyoga kelgan. 1936 yilda oila natsistlar ta’qibidan qo‘rqib g‘irt vengercha familiya — Shorosh (Soros)ni tanlaydi. Jorjning otasi Birinchi jahon urushi qatnashchisi bo‘lgan, yolg‘iz akasi Pol injyener edi.
Jorj 1947 yilda Buyuk Britaniyaga o‘qishga boradi, tirikchilik yo‘lida turli ishlarni qiladi. Hatto basseynda qutqaruvchi bo‘lib ham ishlaydi. Keyinroq bank sohasiga ishga o‘tadi.
Nihoyat, Soros 1956 yilda AQSh tuprog‘iga qadam qo‘ydi. U Uoll-stritda kichik brokerlik firmasiga ega bo‘lgan do‘stining otasiga «orqa qilib» kelgandi.
70-yillar boshida Soros Yevropa fond birjalariga ixtisoslashgan holda ishlay boshlaydi. Uddaburon treyder 1980 yildayoq 100 million dollar ishlab topadi. 1992 yilda ingliz funtining nemis markasiga nisbatan qadrsizlashuvi Sorosga bir milliard dollardan oshiq mablag‘ olib keladi.
«Ochiq jamiyat» fondi va inqiloblar
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, konspirolog siyosatdonlar jahondagi inqiloblar, ko‘tarilishlar va demokratiya uchun namoyishlarni Soros nomi bilan bog‘lashadi.
Ularning iddaolariga ko‘ra, milliarder tashkil etgan «Ochiq jamiyat» fondlar tarmog‘i ana shunday faoliyatga yo‘naltirilgan. Bu tashkilot grantlar, xayriya mablag‘lari evaziga turli kasb egalari va loyihalarga homiylik qiladi.
Jumladan, Soros fondi 90-yillarda 33 mingdan oshiq rossiyalik olimning tadqiqotlari uchun grantlar ajratgan. 2015 yilda esa fond Rossiyada «istalmagan tashkilotlar» ro‘yxatidan joy oladi.
1989 yilda Sharqiy Yevropada kommunistik rejimlar qulashi, 2003 yilda Gruziyada yuz bergan «atirgul inqilobi»da Soros asosiy rolda ko‘riladi. Ammo milliarder matbuotni voqealarni shishirib ko‘rsatishda ayblab chiqqan.
AQShda esa qahramonimiz demokratlarni faol qo‘llab keladi. Hatto 2004 yilda Jorj Bush prezidentlikda qolmasligi uchun targ‘ibotda 27 million dollarning bahridan o‘tadi. Lekin mablag‘lar osmonga uchib, Bush prezidentlikda qoladi.















