Özbekiston prezidenti Şavkat Mirziyoyev 25 may — Sönggi qönğiroq bayrami munosabati bilan umumiy örta ta’lim maktablarining bitiruvçi yoşlariga tabrik yölladi. Tabrik prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
Qadrli farzandlarim!
Avvalo, mana şu quvonçli ayyomda yetuklik şahodatnomasini qölga olib, mustaqil hayotga qadam qöyayotganingiz bilan barçangizni çin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Sizlar orziqib kutgan 25 may sanasida mamlakatimizdagi 10 mingdan ziyod maktablarda «sönggi qönğiroq»lar yangrab, qariyb 392 ming nafar yoşlarimiz qadrdon maktablari, mehribon ustozlari bilan xayrlaşmoqda. Ayniqsa, 12 mingdan ortiq bitiruvçilarimiz öqişni oltin, 2 mingdan ziyodi kumuş medal bilan yakunlayotgani bayram şukuhini yanada oşirmoqda.
Albatta, bularning barçasi nafaqat siz, aziz farzandlarimiz, balki biz – ota-onalar, ustoz-murabbiylar uçun ham ğoyat quvonçli va hayajonli voqealardir.
Sizlarni zamonaviy ta’lim olib, kasb-hunar örganib, jamiyatimizda munosib örin egallaşingiz uçun yangilangan Konstitutsiyamizda belgilangan beqiyos imkoniyatlar kutmoqda.
Heç şubhasiz, öz bilim va iste’dodini Vatanimizga munosib farzand bölişdek maqsadlarga sarflaşga bel boğlagan siz kabi yoşlar – yangi Özbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir.
Aziz öğil-qizlarim!
Bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotida milliy yuksaliş davri boşlanmoqda. Ayniqsa, ta’lim tizimini rivojlantirişga alohida e’tibor berayotganimiz sizlarga yaxşi ma’lum. Xususan, Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili deb nom olgan 2023 yilda maxsus davlat dasturini qabul qilib, soha rivojini yangi bosqiçga kötariş, öqituvçi va murabbiylarning jamiyatdagi örni va obro‘-e’tiborini oşiriş böyiça köplab çora-tadbirlarni amalga oşirmoqdamiz.
Hozirgi vaqtda yurtimizda 10 mingdan ziyod davlat umumta’lim maktablari, Prezident, ixtisoslaştirilgan va ijod maktablari bilan birga köplab nodavlat, davlat-xususiy şeriklik şaklidagi maktablar faoliyat yuritmoqda.
Birgina ötgan yili 3,2 trillion söm mablağ hisobidan 807 ta maktabda quriliş va ta’mirlaş işlari amalga oşirildi. Bu yil esa örta ta’lim maskanlariga 40 ming dona zamonaviy kompyuterlar, 442 ta komplekt robototexnika jihozlari va boşqa zarur aşyolar yetkazib berildi.
«Barkamol avlod» bolalar maktablari, bolalar va ösmirlar sport maktablarida keng kölamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar amalga oşirilmoqda, yoşlarimiz örtasida kitobxonlikni kuçaytiriş, ularni adabiyot, san’at va sport tögaraklariga faol jalb etiş böyiça izçil iş olib borilmoqda.
Ana şunday işlarimizning samarasi sifatida yurtimiz öquvçilari joriy yilda mintaqaviy va xalqaro fan olimpiadalarda 2 ta oltin, 15 ta kumuş, 27 ta bronza medallarini qölga kiritgani, 6 nafar iste’dodli qizimiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bölgani barçamizni xursand qiladi.
Şuningdek, öquvçilarni maktab davridayoq kasbga ega bölişlari uçun 11-sinfni hayotga yöllanma beruvçi sinf deb belgilab, yoşlarga kamida ikkita çet tili hamda tadbirkorlarni jalb qilgan holda bitta zamonaviy kasb örgatiş tizimi joriy qilinmoqda.
Hurmatli bitiruvçilar!
Keyingi paytda Özbekiston unib-ösib kelayotgan sizdek azmu şijoatli yoşlarimiz uçun ulkan imkoniyatlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Yurtimizdagi 210 ta oliygoh, 330 ta kasb-hunar maktabi, qariyb 400 ga yaqin kollej va texnikumlar sizlarga özingiz tanlagan sohalar böyiça yetuk kadr va malakali mutaxassis böliş uçun imkoniyat maydoni bölib xizmat qiladi.
Talabalarning işlab çiqarişdan ajralmagan holda öqib, oliy ma’lumot olişini ta’minlaş maqsadida 154 ta oliygohda sirtqi, 15 ta oliygohda esa masofaviy ta’lim şakli faoliyat körsatmoqda.
Şu bilan birga, davr talabidan kelib çiqib, yoşlarni zamonaviy kasblarga örgatadigan monomarkazlar, Ay-Ti va texnoparklar bunyod etilişi ularning öz bizneslari bilan şuğullanişiga xizmat qilmoqda.
Sizlarning jamiyatda munosib örningizni egallaşingiz uçun joylardagi hokimliklar, sektor rahbarlari, mahalla jamoatçiligi ham yaqin kömakçi va maslahatçi böladi. Bunday ezgu maqsad yölida ularning eşiklari doimo sizlar uçun oçiqdir.
Işonçim komilki, sizlar yaratilgan uşbu imkoniyatlardan foydalangan holda, kelgusida yurtimizdagi zamonaviy işlab çiqariş korxonalari, katta-katta firma va kompaniyalar, davlat va nodavlat taşkilotlarida mehnat qilib, öz bilim va malakangiz bilan mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qöşasiz.
Bugun maktabni tugatib çiqayotgan yigit-qizlarimizning har biri el-yurtimizning mehri va e’tiborida bölişini yana bir bor ta’kidlab aytmoqçiman.
Siz, aziz farzandlarimizni kelajakda yanada ulkan va mas’uliyatli marralar kutmoqda. Har biringiz hayotda munosib örningizni topişingiz uçun biz bundan keyin ham bor kuç va imkoniyatlarni töliq işga solamiz.
Men siz, aziz farzandlarimdan bir narsani sörayman: tinimsiz öqib, izlanib, zamonaviy bilimlarni egallaşdan aslo töxtamang! Doimo vaqtning qadriga yetib, muntazam bilim va tajribangizni oşirib borsangiz, qat’iy belgilab olgan reja va maqsadlaringiz sari dadil harakat qilsangiz, albatta kelgusida katta muvaffaqiyatlarga erişasiz.
Sizlarning doimo marrani baland olib, yagona kuç bölib harakat qilişingizga işonaman. Sizlar bunga albatta qodirsiz.
Ana şunday şarafli va mas’uliyatli yölda barçangizga ulkan yutuq va muvaffaqiyatlar, şaxsiy hayotingizda baxt va omad tilayman.
Sizlarni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tamomlaganingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Mustaqil hayotdagi qadamlaringiz qutluğ va barakali bölsin, aziz öğil-qizlarim!
Şavkat Mirziyoyev,
Özbekiston Respublikasi Prezidenti












