1950-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab SSSR va AQSh tomonidan fazoni zabt etish uchun poyga boshlanadi. Har ikki davlat tomonidan avvaliga turli hajmdagi sun’iy yo‘ldoshlar koinotga chiqariladi. Keyin esa kosmik kemalar yasalib, ularda tirik jon uchiriladi.

SSSRda ilk parvoz itlar bilan o‘tkazilganda, AQSh konstruktorlari maymunni uchirishadi. 1961 yilda Gagarin fazoga parvoz qilgach, amerikaliklar ham odam uchirishga muvaffaq bo‘lishadi.

Undan keyin ham kapitalistik hamda sotsialistik qutbning yetakchilari bo‘lgan SSSR va AQSh fazoni o‘zlashtirishda keskin raqobat olib borishadi.

O‘sha paytda har bir kosmik kemaning yasalishi, parvozga tayyorlash, uchirish kabi ishlar milliardlab dollar mablag‘ni talab qilardi. Shu sababli 1970-yillar boshida AQShliklar ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan kosmik kema yasash ustida ish boshlaydi.

Bu haqda xabar topgan SSSR hukumati ham amerikaliklardan ortda qolmaslik uchun sovet konstruktorlariga shunday kema tayyorlash topshirig‘ini qo‘yadi. Biroq bu oson emasdi.

Yangi tipdagi kosmik kemani tayyorlashda amerikaliklar chaqqonroq chiqishadi. Ular 1980-yillar boshida ilk bor ko‘p marta foydalaniladigan kosmik kemani yasab uni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazishadi.

Keyinchalik bunday turdagi kosmik kemalarning yana bir nechtasini yasab chiqishadi. Natijada AQSh SSSRga qaraganda har bir parvoz uchun kamroq mablag‘ sarflay boshladi.

Sovetlar esa ko‘p marta foydalaniladigan kosmik kemani tayyorlashni cho‘zib yuborishadi. Faqat 1980 yillar oxiriga borib yagona nusxada tayyorlashadi. Biroq uning sinov parvozi kutilganday bo‘lmaydi. Shundan so‘ng ushbu kosmik kema boshqa parvoz qilmaydi. Ko‘p o‘tmay loyiha butunlay to‘xtatiladi.

Amerikalik astronavt Jon Glenn va Yuriy Gagarin

«Buran»ning yasalishi

1973 yilda SSSR ministrlar soveti prezidiumi ko‘p marta foydalansa bo‘ladigan kosmik kema tayyorlash bo‘yicha qaror qabul qiladi. O‘sha paytda amerikaliklar bunday kemalarni tayyorlash bo‘yicha ishlarni allaqachon boshlab yuborgandi.

Yangi turdagi kosmik kemani tayyorlash ishlari mudofaa vazirligi tarkibidagi Fazoviy mudofaa bosh boshqarmasiga topshiriladi.