Jahon | 16:07 / 27.05.2023
16059
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiyaning urushni tugatish shartlarini tanqid qildi

Foto: AP

Kremlning talablari «Rossiya rahbariyatining huquqiy va amaldagi layoqatsizligini» yana bir bor tasdiqladi, dedi Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak.

Ukrainadagi urushni tugatish uchun Moskva tomonidan ilgari surilgan shartlar «Rossiya rahbariyatining huquqiy va amaldagi layoqatsizligini yana bir bor tasdiqlaydi», dedi 27 may, shanba kuni Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak. Shu tariqa, u bir necha soat oldin Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzinning TASS agentligiga bergan intervyusiga munosabat bildirdi.

Galuzinning ta’kidlashicha, «keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlik»ka erishish uchun Ukraina, birinchi navbatda, Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishi va «neytral qo‘shilmaslik maqomi»ga qaytishi, shuningdek, «xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini amalga oshirish natijasida paydo bo‘lgan yangi hududiy voqeliklarni tan olishi kerak», ya’ni o‘z hududlarining bir qismidan voz kechishi lozim. Bundan tashqari, Rossiya vaziri o‘rinbosariga ko‘ra, Ukraina harbiy harakatlarni, G‘arb davlatlari esa uni qurol-yarog‘ bilan ta’minlashni to‘xtatishi kerak. Kremlning Kiyevga qo‘ygan yana bir sharti - bu mamlakatda rus tilining davlat maqomini qonunchilik darajasida belgilash. 

Mixail Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, faqat Ukrainaning tinchlik muzokaralarini boshlash bo‘yicha qarshi talablari real narsadir, unda, jumladan, barcha Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududidan zudlik bilan olib chiqib ketish, SSSR parchalanganini tan olish va possovet mamlakatlari «suverenitetning butun doirasiga» ega ekani nazarda tutilgan. Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev va Moskva o‘rtasida tinchlik o‘rnatishning boshqa shartlari - barcha urush jinoyatchilari va «urush mualliflarini» ekstraditsiya qilish, Rossiya Federatsiyasi hududida hujum qurollarini qisqartirish bilan bufer zonani yaratish, shuningdek, Rossiya tomonidan tovon to‘lash, shu jumladan muzlatilgan aktivlardan Ukraina foydasiga voz kechishdan iborat. 

Bundan tashqari, Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Rossiya Federatsiyasi yadroviy arsenalini nazorat qilishni tashkil etish bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishga chaqirdi.

Mavzuga oid