O‘zbekiston | 13:59 / 08.06.2023
9146
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 48 mingdan ortiq shaxsda OIV kasalligi aniqlangan

So‘nggi 5 yilda OIV infeksiyasiga tekshiruvlar soni 700 mingdan 3,5 millionga yoki 5 barobarga ortgan.

Foto: AOKA

2030 yilga borib O‘zbekistonda OITS kasalligi yuqishiga to‘liq barham berish maqsad qilingan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Respublika OITSga qarshi kurash markazi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda respublikada 48 mingdan ortiq shaxsda OIV kasalligi aniqlangan.

So‘nggi 5 yilda OIV infeksiyasiga tekshiruvlar soni 700 mingdan 3,5 millionga yoki 5 barobarga ortdi. Hukumat tomonidan dori vositalarini moliyalashtirish 80 foizni tashkil etdi.

Respublikada OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berish uchun har yili bemor onalardan dunyoga kelayotgan (o‘rtacha 600 nafargacha) bolalarni quruq sut aralashmalari bilan uzluksiz ta’minoti amalga oshirilmoqda. Buning natijasida 99,7 foiz bolalar sog‘lom bo‘lishiga erishilmoqda, deyiladi ma’lumotda.

Ta’kidlanishicha, 2030 yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun, 2025 yilga qadar “95-95-95” strategiyasiga erishish zarur.

“95-95-95” tamoyiliga ko‘ra, OIV yuqtirgan bemorlarning 95 foizi o‘z statusini bilishi, bemorlarning 95 foizi maxsus terapiya bilan qamrab olinishi, bemorlarning 95 foizida virus yuklamasining past darajaga tushishiga 2025 yilgacha erishish va 2030 yilda OITS kasalligining yuqishiga barham berish maqsad qilib olingan.

Mavzuga oid