O‘zbekiston | 18:42 / 10.06.2023
12836
4 daqiqa o‘qiladi

Cho‘milish havzalaridagi suvning xavfli xususiyatlari aytildi

Ifloslangan suv o‘tkir virusli ichak infeksiyalari, gepatit, ichburug‘i, ichterlama, lyamblioz kabi xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Yozning jazirama kunlarida cho‘milish chog‘ida nafaqat xavfsizlik, balki salomatlik qoidalariga ham amal qilish o‘ta muhim hisoblanadi. Bu haqda Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Botir Tojiyev ma’lumot berdi.

«Cho‘milish havzalaridagi ifloslangan suv o‘tkir virusli ichak infeksiyalari, gepatit (A,Ye), ichburug‘i, ichterlama, lyamblioz kabi xavfli kasalliklarni keltirib chiqarishini unutmaslik darkor», dedi u.

Shifokor so‘zlariga ko‘ra, virus zarralari suvga bemorning najasi, qusiq qoldiqlari va yuvilmagan qo‘llari orqali tushib, havzada taxminan 2 oy va undan ko‘proq saqlanadi. Biroq, kasallik qo‘zg‘atuvchilari issiq haroratga moslashuvchan bo‘lgani bois, yoz faslida ularning konsentratsiyasi va yashash davomiyligi uzayadi. Bunday parazit va mikroblar harorat oshgan davrda 180 kundan ortiq jon saqlashi mumkin.

«Cho‘milish chog‘ida suv yutish infeksiyaning og‘iz orqali organizmga tushib, ko‘payib, gastroenterit, ya’ni oshozon va ingichka ichak shilliq qavatida yallig‘lanishni yuzaga keltiradi. Kasallik belgilari taxminan 12-48 soat oralig‘ida namoyon bo‘lib, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, tana harorati ko‘tarilishi, ich ketishi, qorin dam bo‘lishi kabi alomatlar kuzatiladi», dedi Tojiyev.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, ochiq suv havzalarida cho‘milish turli teri kasalliklari, burun, og‘iz va quloq shilliq kavatlari yallig‘lanishiga ham olib kelishi mumkin. Shu bois, avvalo, taqiqlangan, ifloslangan, tekshirilmagan va notanish suv havzalariga tushmaslik, ruxsat etilgan joylarda cho‘milganda ham, iloji boricha suv yutmaslik va burundan suv kirmasligiga e’tibor berish lozim.

Shu bilan birga, sun’iy suzish havzalari ham har doim bunday xavfdan xoli bo‘lavermaydi. Shu sababli ularning tozaligiga, suvi o‘z vaqtida almashtirilganiga ahamiyat qaratish lozim. Agar bunday hovuz kafellari sirpanchiq bo‘lsa, bu suv eskirganidan dalolat beradi.

Ochiq havzalarda cho‘milish uchun atmosfera harorati +20...+25, suv iliqligi esa +17...+19 darajadan kam bo‘lmagan sharoit zarur.

Quyosh faol bo‘lgan pallada (12:00 dan 16:00 gacha) oftob tig‘idan saqlanish kerak. Negaki, ultrabinafsha nurlarining davomiy ta’siri dastavval kataraktaga, bora-bora ko‘z nurlari butunlay yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.

«Ayni shu omil tufayli allergik reaksiyalar, teri saratoni yuzaga kelishi xavfi ham mavjud», dedi shifokor.

Bundan tashqari, basseyn suvi sovuq bo‘lmasligi ham muhim. Chunki bunday harorat tomir tortishishiga olib kelishi mumkin.

Ochiq havzalarda cho‘milish vaqtida va undan keyin kasallik belgilari yuzaga kelsa, darhol shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Mavzuga oid