Xalqaro tashkilotlar Kaxovka GES to‘g‘oni buzilishi tufayli tutash hududlarga toshib chiqqan suv oqimlarida ko‘plab minalar ham suzib yurgani haqida ogohlantirmoqda.

Rossiyalik harbiylar tomonidan nazorat qilingan to‘g‘on atrofi tig‘iz minalashtirilgandi va bundan xalqaro mutaxassislar yaxshi xabardor. Endi bu minalar suv oqimi bo‘ylab suzmoqda, bu esa ularni aniqlash va zararsizlantirish imkoniyatlarini keskin darajada qisqartiradi, deya ogohlantiradi Qizil Xoch va Care International.

Payshanba kuni tongda Xerson oblastida suv toshqinining o‘rtacha darajasi 5,61 metrni tashkil etayotgandi. Xerson oblasti harbiy ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, oblastning 600 kvadrat kilometr hududini suv bosgan, shundan uchdan bir qismi Ukraina nazoratidagi o‘ng sohilda joylashgan, uchdan ikki qismi esa - Rossiya tomonidan vaqtincha okkupatsiya qilingan chap sohilda.

Ukraina hukumati suv bosgan qishloqlar va Xerson shahrining Dniproga yaqin joylashgan qismidan roppa-rosa 2000 kishini evakuatsiya qilgan. Rossiya davlat nashrlari chap sohilda jami 4300 kishi evakuatsiya qilingani to‘g‘risida ma’lumot bergan.

Prezident Volodimir Zelenskiy chorshanba kuni Xerson oblasti bo‘ylab yuz minglab kishilar ichimlik suvi ta’minotisiz qolganini xabar qilgandi.

Ukraina  ma’muriyati Rossiya okkupatsiya hukumati chap sohildagi aholini evakuatsiya va ichimlik suvi bilan ta’minlashga yordam bermayotgani hamda u yerga ko‘ngillilarni kiritmayotganidan xavotir bildirmoqda, u yerdagi odamlar chap sohildan o‘ng sohilga o‘tishga uringanida rossiyalik harbiylar qayiqlarni o‘qqa tutgan.

Chap sohilda Rossiya okkupatsiyasi ostidagi bir qancha aholi yashash manzillarida yuzlab kishilar tom va cherdaklarda qolib ketgani haqida Rossiyaning bir qancha mustaqil nashrlari ko‘ngillilar va mahalliy onlayn-guruhlarga tayanib xabar bergan.

Buyuk Britaniya razvedkasi ma’lumotida ham suv bosgan hududlardagi aholi evakuatsiyasi rossiyaliklarning o‘t ochishi tufayli qiyinlashayotgani aytilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya bosib olgan Oleshkida suv toshqini oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Bu haqda shaharning qonuniy saylangan meri Yevgeniy Rishchuk ma’lum qilgan. U «Suspilne»ga bergan intervyusida qurbonlar soni ortishini ta’kidlagan.

Okkupatsiya qilingan Nova Kaxovka shahrida (vayron bo‘lgan to‘g‘onga besh kilometr masofada) esa mahalliy rasmiylar besh kishining o‘limini tasdiqlagan.